Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Jamoat transporti tarmog‘ini kengaytirish loyihalari ko‘rib chiqildi

Chop etish Sahifani ulashish
13.06.2022 3345 Yangiliklar

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-iyun kuni Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishi bilan tanishish chog‘ida jamoat transporti tarmog‘ini kengaytirish va metropoliten infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Bugun ushbu ishlarni tashkil etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishildi. Jumladan, qurilayotgan yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichini davom ettirib, Sergeli yo‘nalishi bilan bog‘lash, zamonaviy qurilish uslublarini tadbiq etish, metro poyezdlarini yangilash, yo‘lovchi oqimini yanada oshirish rejalari haqida axborot berildi.

Ma’lumki, yerusti metrosining ikkinchi bosqichi doirasida beshta bekat shu yil yakunida va qolgan ikkitasi kelgusi yil Navro‘zda ishga tushirish mo‘ljallangan. Bu orqali 62 ta mahalladagi 250 mingga yaqin aholi metropoliten bilan qamrab olinadi.

Davlatimiz rahbari barcha yo‘llarda insonlarga qulaylik va xavfsizlik birinchi o‘rinda bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Metropoliten uchun 14 ta yangi poyezd olib kelish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda metropolitenni kompleks rivojlantirish hamda Transport universtiteti bilan birgalikda professional kadrlar tayyorlash uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

Toshkentda jamoat transporti yetib bormagan 26 ta mahallaga avtobus yo‘nalishlari ochilib, metro bilan bog‘lanadi. Buning uchun qo‘shimcha elektrobuslar xarid qilinadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent viloyatidan poytaxtimizga kuniga 1 milliondan ziyod yo‘lovchi kirib keladi. Ularni metro bekatlariga yo‘naltirib, ham aholiga, ham transportlarga yengillik yaratish zarurligi aytildi. 

Zamonaviy elektropoyezdlar keltirib, “Toshkent – Xojikent”, “Toshkent – Bekobod” va “Toshkent – Angren” yo‘nalishida tezyurar qatnov yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.Yangi metropoliten yo‘nalishi bo‘yida joylashgan mahallalarni obodonlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Loyihalarni takomillashtirib, qaror loyihasi ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.