Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Markaziy apparatida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik rahbariyati, xotin-qizlar jamoasi hamda vazirlik xodimlari ishtirok etdi.
Tadibir ishtirokchilarini Transport vaziri Ilhom Mahkamov qutlar ekan mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lgan transport tizimida bugun yuzlab ayollar samarali mehnat qilib kelayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Soha rivoji, yurt ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan ayollar hamisha Davlatimiz rahbarining yuksak e’tiborida. Bayram arafasida Prezidentimiz farmoniga asosan «O‘zaeronavigatsiya markazi» DUKning Havodagi harakatni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi Toshkent markazi hududiy bo‘linmasi dispetcheri Tatyana Vasileva «Do‘stlik» ordeni bilan Samarqand viloyati transport boshqarmasining tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi tramvay haydovchisi Gulmira Azimova, «Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi» AJning ko‘prikli kran mashinisti Gulchexra Sulaymonova hamda Baliqchi tumani yo‘l xo‘jaligi pudrat ta’mirlash-foydalanish korxonasi ishchisi Ro‘zixon Mexmonova «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
Qolaversa, o‘zining ibratli faoliyati bilan el nazariga tushgan Toshkent davlat transport universiteti Transport iqtisodiyoti kafedrasi mudiri Saodat Yuldasheva “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangani fikrimiz tasdig‘idir.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov Saodat Yuldashevani ushbu yuksak mukofot bilan yana bir karra muborakbod etib, kelgusidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyat tiladi.
Tadbir davomida vazirlik xotin-qizlari bayram munosabati bilan pul mukofotlari va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.