Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

2 apreldan boshlab, bojxonada yangi norma kuchga kiradi

Chop etish Sahifani ulashish
30.03.2020 7869 Yangiliklar

Joriy yilning 2 aprelidan boshlab, tashuvchilar yoxud tovar egalari yoki tovarga nisbatan vakolatlarga ega bo‘lgan shaxslar avto, havo va temir yo‘l transportida tashiladigan tovarlar va transport vositalari, shu jumladan yo‘lovchilar va ularning bagajlari to‘g‘risida axborotlarni oldindan elektron tarzda bojxona organlariga taqdim etish shart bo‘ladi.

Shu vaqtga qadar esa mazkur amaliyot ixtiyoriy tarzda amalga oshirib kelinar edi.

Mazkur tartib Davlatimiz Rahbari tomonidan tomonidan qo‘yilgan aniq topshiriqlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar va transport vositalarini rasmiylashtirishda bojxona tartibotlarini takomillashtirish to‘g‘risida» 2019 yil 31 dekabrdagi 1057-son qarori asosida amalga oshirilmoqda. 

Tashuvchilar yoxud tovar egalari yoki tovarga nisbatan vakolatlarga ega bo‘lgan shaxslar havo va temir yo‘l transportida tashiladigan tovarlar va transport vositalari, shu jumladan yo‘lovchilar va ularning bagajlari to‘g‘risida dastlabki elektron tarzda oldindan axborotni bojxona organlarining axborot tizimiga butunjahon Internet tarmog‘i orqali:

avtomobil transportining O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tishidan bir soat oldin;

temir yo‘l transportining O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasiga etib kelishidan bir soat oldin;

uzoq yo‘nalishni amalga oshirishda — havo transportining O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga uchib kelishidan ikki soat oldin;

qisqa yo‘nalishni amalga oshirishda — havo transportining uchish vaqtida yuborishi shart.

Bugungi kunga kelib «O‘zbekiston Airways» AJ tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasiga tovarlar, transport vositasi, yo‘lovchilar, ularning bagajlari to‘g‘risida axborotlarni oldindan taqdim etish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, xorijiy aviakompaniyalar tomonidan ham bu to‘g‘risida oldindan ma’lumotlar taqdim etish ishlari jarayoni yakuniy bosqichga keldi. Ushbu ma’lumotlar Davlat bojxona qo‘mitasining “Avia” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kelib tushmoqda.

Xuddi shunday, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan internet tarmog‘i orqali foydalanish imkoni bo‘lgan dasturiy ta’minot yaratilib, tovarlar, transport vositalari va yuklar to‘g‘risida elektron axborotlar oldindan bojxona organiga taqdim etilishi imkoniyati yaratildi. Tegishli havola orqali kiritilgan ma’lumotlar Davlat bojxona qo‘mitasining “Temir yo‘l” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kelib tushmoqda.

Yana bir jihat - mazkur ma’lumotlar tashuvchilar yoxud tovar egalari yoki tovarga nisbatan vakolatlarga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan, barcha uchun ochiq bo‘lgan intrenet tarmog‘idagi havola orqali ma’lumotlarni bojxona organiga taqdim etishlari mumkin.

Ta’kidlash joizki, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududi orqali olib o‘tilgan yuklarning 18,6 mln. tonnasi temir yo‘l transportida, salkam 4.4 mln. tonnasi yuk avtotransportida va 25,1 ming tonnasi havo transportida tashilgani inobatga olinsa, yuklar haqida oldindan axborot berish yuk tashishning tezkorligi va sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda bojxona tratibotlari jarayoni sodalashadi, unga sarflanadigan vaqt qisqargan holda, natijadorlik oshadi.

Bularning barchasi avtomobilь, temir yo‘l va havo transporti orqali O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar va transport vositalarini rasmiylashtirishda bojxona nazorati samaradorligini ta’minlash, bojxona tartibotlarini soddalashtirish, shuningdek, vaqtni hamda moliyaviy xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Demak tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining manfaatlariga xizmat qiluvchi yana bir ezgu ishga start berildi. Uning amalda o‘zini oqlashi va ko‘zlangan samarani berishi esa bir jixatdan tadbirkorlarimizning o‘zlariga ham bog‘liq.