Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida

Chop etish Sahifani ulashish
14.07.2022 6362 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–27-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, yo‘l harakatini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish va yo‘l harakati ishtirokchilari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda avariya va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish, shu jumladan, harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta’minlash maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022-2026 yillar davomida respublika hududida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

avtomobil yo‘llari infratuzilmasini kompleks takomillashtirish;

avtomobil yo‘llarida harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish;

jamoat transportini rivojlantirish va raqamlashtirish;

yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, bolalarga yo‘l harakati qoidalarini amaliy o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish;

haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish.

2. Dasturda belgilangan manzilli tadbirlarning amalga oshirilishini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlashga qaratilgan quyidagi nazorat tartibi o‘rnatilsin:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari – har chorakda mas’ul davlat organlari tomonidan Dastur ijrosi amalga oshirilishi yuzasidan hududlar kesimida o‘rganishlarni o‘tkazish va natijalari bo‘yicha Bosh prokuraturaga axborot berishni tashkil etsin;

Bosh prokuratura (N.T.Yo‘ldoshev), Hisob palata (B.T.Turabov) – har chorakda mas’ul davlat organlari rahbarlarining Dastur ijrosi, shu jumladan, hududlar kesimida amalga oshirilishi yuzasidan hisobotlarini eshitish va bajarilmayotgan masalalari yuzasidan tanqidiy muhokama qilish maqsadida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasiga axborot kiritish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin;

Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) – har yarim yilda Dastur ijrosini hududlar kesimida tanqidiy muhokama qilish, ijrosi yuzasidan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul rahbarlariga intizomiy jazo choralarni ko‘rish, shuningdek, Dasturda belgilangan tadbirlarni to‘liq amalga oshirilishini tashkil etsin.

Dasturda belgilangan manzilli tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini so‘zsiz ta’minlash uchun javobgarlik shaxsan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, ichki ishlar vaziri, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi zimmalariga yuklansin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

Dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni nazarda tutuvchi manzilli chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni har yili ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasiga kiritsin;

har chorakda yo‘llarning holati va mavjud infratuzilma, avariya o‘choqlari, qoidabuzarliklar ahvolining tahlili asosida, harakat xavfsizligi, transport va yo‘l sohalariga mas’ul idoralar rahbarlari faoliyatini tanqidiy o‘rganib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga muhokama qilish uchun kiritib borsin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi:

Dastur doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarda jamoatchilik ishtiroki ta’minlanishiga hamda “Ochiq byudjet” axborot portali orqali yo‘naltirilayotgan mablag‘lardan aynan mazkur yo‘nalishda samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratsin;

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsadi va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

5. Belgilansinki, Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlar har yili byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari doirasida, shuningdek, “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh prokuror N.T.Yo‘ldoshev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov va transport vaziri I.R.Mahkamovlar belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari B.D.Islamov va R.A.Gulyamovlar zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                                         Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022 - yil 12 - iyul