Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 23 dekabr kunidan e’tiboran Toshkent-Moskva- Toshkent yo‘nalishida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan edi. Shu kuni “Toshkent” avtovokzalidan Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahri tomon yo‘lga chiqqan “Uzautotrans service” korxonasining avtobusi 25 dekabr kuni kechqurun "Novoyasenevskaya" avtostantsiyasiga yetib borgan edi.
27 dekbar kuni Moskva vaqti bilan 14:00 da «Novoyasenevskaya» avtostantsiyasidan O‘zbekiston tomon yo‘lga chiqqan avtobus bugun ilk 51 nafar yo‘lovchilar bilan “Toshkent” avtovokzaliga yetib keldi.
Shu o‘rinda yo‘lovchilarga eslatib o‘tamiz ushbu yo‘nalish bo‘ylab muntazam avtobus qatnovlari haftasiga ikki marotaba dushanba va payshanba kunlariga belgilangan. Avtobuslar "Toshkent" avtovokzalidan soat 12:00 da yo‘lga chiqadi. «Novoyasenevskaya» avtostantsiyasidan esa Moskva vaqti bilan soat 14:00 da harakatlanadi.
“Uzautotrans service” korxonasi tomonidan yo‘lovchilarga yuqori darajada servis xizmatini ko‘rsatish va tashuvlar xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu yo‘nalishda uch nafar haydovchi har 4 soatda almashib avtobusni boshqarishadi. Shuningdek, avtotransport vositasi va yo‘lovchilarning hayoti to‘liq sug‘urtalangan. Qolaversa, yo‘nalishga chiqishdan oldin avtobuslar texnik ko‘rikdan haydovchilar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Avtobusga o‘rnatilgan 5 ta kuzatuv kamerasi yordamida yo‘l davomidagi barcha jarayonlar yozib olinadi. Har bir safardan so‘ng esa ushbu tasvirlar korxona mutaxassislari va rahbariyati tomonidan o‘rganib chiqiladi. Mazkur chora-tadbirlarning barchasi yo‘lovchilarni manzillariga o‘z vaqtida xavfsiz yetkazib qo‘yish va madaniyatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati