2024-yilning 24-sentyabr sanasidan boshlab yo‘lovchilarning talabi va ularga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Toshkent – Moskva – Toshkent yo‘nalishida haftada bir marotaba yo‘lovchi poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur yo‘nalishda poyezdlar qatnovi “COVID-2019” pandemiyasi tufayli 2020-yilda to‘xtatilgan edi.
24-sentyabr kuni soat 19:55 da 505-sonli Toshkent – Moskva poyezdi “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalidan tantanali tarzda kuzatildi. Ushbu tarkib so‘nggi manzilga 27-sentyabr kuni soat 23:12 da (Moskva vaqti bilan) “Pavelesskiy” temir yo‘l vokzaliga yetib boradi.
Moskva – Toshkent yo‘nalishidagi 506-sonli poyezd qatnov esa 28-sentyabr kuni Moskva vaqti bilan soat 05:40da “Pavelesskiy” vokzalidan Toshkent shahri tomon harakatni boshlaydi. Ushbu yo‘nalish “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzaliga joriy yilning 1-oktyabr kuni erta tongda Toshkent vaqti bilan 08:25 da yetib keladi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tomonidan ushbu xalqaro yo‘nalishlardagi qatnovlar uchun chegirmalar tashkil etilgan bo‘lib, mazkur yo‘nalishga yo‘lovchilar chiptalarni chegirma asosida xarid qilishlari mumkin. Ya’ni qatnov sanasidan qancha ko‘p kun oldin chipta xarid qilinsa, chegirma foizi shuncha yuqoriroq bo‘ladi.