O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yo‘l xo‘jaligini boshqarish, yo‘llarni loyihalash, qurish va saqlash tizimini isloh qilish yuzasidan belgilangan topshiriqlar ijrosini samarali ta’minlash maqsadida 16 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri I.Mahkamov va Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor B. Abdullaev boshchiligida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi J.Tursunov, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmatining barcha sohaviy xizmat rahbarlari, hamda hududiy Transport boshqarmalari, Transport boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llari bo‘linmalari boshliqlari, hududiy IIBB va IIB Jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari, YHXB, JTSB, HPB, Probatsiya boshqarma boshliqlari qatnashdilar.
Kun tartibiga qo‘yilgan quyidagi "Respublikadagi barcha svetofor obyektlari va harakatni cheklovchi yo‘l belgilarini ko‘rikdan o‘tkazish, hamda o‘lim bilan bog‘liq holatlarning barvaqt oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish", "Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, tirbandlik va avariyalar ko‘p uchraydigan yo‘llarda svetoforsiz estakadalarni qurish bo‘yicha 3 yillik dastur loyihasini ishlab chiqish" masalalar muhokama etildi.
Yig‘ilishda sohada yuzaga kelayotgan dolzarb muammolar tanqidiy muhokama qilinib, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish, aholiga qulay va xavfsiz yo‘l sharoitlarini yaratish bo‘yicha manzilli va aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish tugagach, shu kunni o‘zida Ichki ishlar va Transport vazirligi mas’ul rahbarlaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi tomonidan Toshkent shahar hamda Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga o‘rganiladigan obyektlarga tashriflari bo‘lib o‘tdi.