Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Aviaqatnovlar bo‘yicha Quvayt bilan yangi kelishuv imzolandi  

Chop etish Sahifani ulashish
28.10.2024 711 Yangiliklar

 

Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan ICAOning ICAN-2024 tadbiri doirasida O‘zbekiston delegatsiya Quvayt bilan muzokaralar o‘tkazdi.

 

Ayni vaqtga qadar O‘zbekiston va Quvayt o‘rtasida amalga oshirib kelinayotgan aviaqatnovlar 1994-yilda imzolangan bitim asosida bajarilib, har biri tomondan faqatgina bittadan aviakompaniyaga parvozlarni amalga oshirish huquqi berilgan. So‘nggi yillarda har ikki mamlakat hududida yangi aviakompaniyalar tashkil etilganligini inobatga olgan holda xususiy aviakompaniyalarning yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish, aviatsiya bozorini to‘liq liberallashtirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida, mazkur bitim shartlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgan edi.

 

Ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlarni muhokama qilish va shartlarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan “O‘zaviatsiya” agentligi direktori rahbarligidagi delegatsiyaning Quvayt aviatsiyasi hukumati rahbariyati bilan o‘tkazgan muzokaralar natijasiga ko‘ra O‘zbekiston va Quvayt Transport vazirliklari hamda ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan yangi tahrirda ishlab chiqilgan, yangi shartlarni o‘z ichiga olgan aviaqatnovlar to‘g‘risidagi yangi bitim matni ikki mamlakat aviatsiya hukumatlari rahbarlari tomonidan parafirlandi.

 

Yangi bitim ikki mamlakat o‘rtasida har bir tomondan faqatgina bittadan tayinlangan aviakompaniya parvozlarni amalga oshirishi mumkinligi to‘g‘risidagi cheklovni bekor qilish bilan bir qatorda yangi kelishuv shartlarini o‘z ichiga oladi.

 

2023-yil davomida O‘zbekistondan 95 mingdan ziyod aviayo‘lovchilar Quvayt orqali Saudiyaga “Umra” ziyoratiga borgan bo‘lib, ularning aksariyati Quvayt hududida qisqa muddatli turizmni amalga oshirgan. Quvaytdan esa O‘zbekistonga 1000 ga yaqin turistlar tashrif buyurgan bo‘lib, ularning aksariyati qisqa muddatli turizmdan so‘ng turli xil maqsadlarda Qirg‘izistonning O‘sh shahriga chiqib ketgan. Amalga oshirilgan tahlillar va olib borilgan o‘rganishlardan so‘ng Quvayt va O‘sh shahri o‘rtasida haftasiga 12 marta amalga oshirib kelinayotgan aviaqatnovlardagi Quvayt fuqarolarini O‘zbekiston shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchib kelishiga keng imkoniyat yaratish hamda “Ziyorat turizmi”ga yanada keng yo‘l ochish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi haftalik aviaqatnovlarni har bir tomondan 14 taga yetkazish orqali 28 taga olib chiqish hamda belgilangan shaharlar soni bo‘yicha cheklovni bekor qilgan holda O‘zbekistonning barcha aeroportlaridan Quvaytga parvozlarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi yana bir kelishuv imzolandi.

 

Mazkur erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning hududiy aeroportlarida yangi xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi oqimini shakllantirishga keng yo‘l ochish bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘i asosida Turizm qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonga xorijdan “Ziyorat turizmi” doirasida yanada ko‘proq turistlarni jalb qilinishi uchun zamin yaratadi.