Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Avtomobilda xalqaro yuk tashuvlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan uchrashuv

Chop etish Sahifani ulashish
28.07.2023 5568 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyuldagi “Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishning ruxsatnoma tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 277-sonli qarori mazmun-mohiyati yuzasidan hududlarda targ’ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

 

Ana shunday tadbirining navbatdagisi Samarqand viloyati transport boshqarmasida o‘tkazildi. Unda avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi korxona rahbarlari ishtirok etishdi.

 

Uchrashuvda Transport vazirligining Avtomobil tashuvlarini tashkil etish, litsenziyalash va ruxsatnoma berish boshqarmasi boshlig‘i Mirnosir Yusupov milliy tashuvchilarga xorijiy ruxsatnoma blankalarini taqsimlash bo‘yicha qarorda belgilangan tartib-tamoyillar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

 

Xususan, ushbu qaror bilan xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni milliy tashuvchilar orasida taqsimlash, berish va ulardan foydalanish jarayonlari inson omilisiz to‘liq avtomatlashtirilgan holda Transport vazirligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirilishi;

 

milliy tashuvchilar reytingini yuritish va bitta yuk avtotransport vositasi hisobiga yuklarni xalqaro tashish bo‘yicha xizmatlardan eng ko‘p daromad olayotgan tashuvchilarni rag‘batlantirish;

 

milliy tashuvchilarga ularning ehtiyojini qondirmaydigan ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasi doirasidagi xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni ular berilgan kundan boshlab 90 kalendar kuni ichida Transport vazirligiga qaytarish majburiyati yuklatilganligi;

 

xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni yoki ular bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxslarga bergan hamda ularni belgilangan muddatlarda Transport vazirligiga qaytarmagan milliy tashuvchilarga nisbatan ruxsatnomalar berilishini to‘xtatib turish bo‘yicha sanksiyalar inson omilisiz avtomatik tarzda qo‘llanilishi belgilanganligi aytib o‘tildi.

 

Shuningdek, qarorda belgilangan O‘zbekiston ruxsatnomalarini xorijiy tashuvchilarga berish, ulardan foydalanish hamda yuklarni xalqaro tashish turlarini aniqlash tartibi to‘g‘risida yig‘ilish qatnashchilariga batafsil ma’lumot berildi.

 

Qizg‘in bahs-munozalar va ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvda korxona rahbarlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.