O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev joriy yilning 14–15 - fevral kunlari BAAga amalga oshirgan xizmat safari davomida mamlakatning aviatsiya sohasi korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Dubay Milliy Avia Sayohat Agentligi (DNATA) korxonasi vitse prezidenti Djon Brich va boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama etildi.
Xususan, muzokaralarda korxona rahbariyati aeroportlar yer usti xizmatlarini rivojlantirishda hamkorlik o‘rnatishga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish orqali Toshkent aeroporti hududida xendling xizmatini yo‘lga qo‘yishga jiddiy qiziqish borligini bildirdi. Shuningdek, kompaniya keytering xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishida ham ishlashga tayyorligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, DNATA kompaniyasi bugungi kunda dunyoning 120 dan ortiq aeroportlarida o‘z xizmatlarini ko‘rsatadi. Bryussel, Keln, Melburn, Sidney, Toronto, Milan, Changi, Jeneva, Vashington, Nyu York kabi yirik aeroportlar shular jumlasidan.
BAAning Dubay shahrida joylashgan va umumiy aviatsiya sayohatlarini (Business and General Aviation) qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi JetEx aviakorxonasi rahbari Mardini Adel bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa o‘zaro hamkorlikda biznes aviatsiyasi tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
JetEx aviakorxonasi aeroport terminal xizmatlari, yer usti xizmatlari, yuqori martabali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, samolyotlarga yoqilg‘i quyish, xalqaro sayohatlarni rejalashtirish va konserj xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Korxonanning global operatsiyalari bevosita Dubay, Mayami va Pekinda joylashgan uchta operatsion markaz tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Emirates Engineering korxonasi vitse prezidenti Ahmad Safa, Dubay Aviatsiya agentligi direktori Kapitan Xaled, BAA Aviatsiya rahbari o‘rinbosari Omar Bin G‘aleblar ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda mamlakatlarimiz o‘rtasida tuzilgan Aviatsiya bitimining yangi izohini IKAOning yangi talablari bo‘yicha ishlab chiqish, o‘zaro amalga oshirilayotgan parvozlar geografiyasini kengaytirish, Uzbekistan Airways Technics xodimlarini va Transport Universiteti talabalarini BAA o‘quv dasturlariga qabul qilish va malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatishga kelishib olindi.