2020 yil 10 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining videokonferens aloqa tarzidagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab O‘zbekiston Respublikasining “Transport to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasining maqsadi avtomobil, havo, temir yo‘l, suv va shahar yo‘lovchi transporti faoliyati va hamkorligining huquqiy, iqtisodiy hamda tashkiliy asoslarini belgilashdan iborat.
Deputatlar ta’kidlaganidek, bugungi kunda transport faoliyatini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi, “Temiryo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonunlari, Havo kodeksi va boshqa ko‘plab qonun hujjatlari mavjud. Lekin barcha turdagi transportlarning optimal, muvozanatlashgan va uyg‘unlashgan o‘zaro aloqasini ta’minlaydigan samarali logistika tizimi, aralash tashishlarni kengaytirish orqali yagona transport tarmog‘iga integratsiya qilish mezonlarini belgilaydigan yagona qonun yo‘q.
Shuningdek, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16 moddasiga muvofiq ko‘rib chiqilayotgan “Transport to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va tarmoq qonun hujjatlari teng yuridik kuchga ega. Sanab o‘tilgan barcha qonun hujjatlari bir-biriga zid bo‘lmagan, bir vaqtning o‘zida ishlaydigan, bir-birini to‘ldiradigan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan normalarni belgilaydi.
Xalq vakillarining aytishicha, qonun loyihasini ishlab chiqishda asos sifatida tashish shartnomasini tuzish, yo‘lkira haqi, tashish shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik va boshqalar asosida amalga oshiriladigan tijorat transport faoliyatini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 39-bobi “Yo‘lovchi, bagaj va yuk tashish” hisobga olingan.
Shu jihatdan 9 ta bob, 43 moddadan iborat mazkur qonun loyihasi tijorat asosida amalga oshiriladigan har qanday transport faoliyatini yuritish chog‘ida vujudga keladigan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Shu bilan birga qonun loyihasi transport faoliyatining asosiy tamoyillarini belgilaydi.
Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari partiyaning maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, qonun loyihasi bo‘yicha fikr-mulohazalar, takliflar bildirib, qonun loyihasini ma’qullashdi.