Qadrli hamkasblar!
Barchamiz muhtaram Yurtboshimizning mamlakatimiz temiryo‘lchilariga yo‘llagan tabrigini katta hayajon va mamnuniyat bilan tingladik, o‘qidik. Tabrikdagi so‘zlar sohaning katta-kichik xodimida olam-olam iftixor, o‘z kasbidan faxr tuyg‘ularini junbishga keltirishi muqarrar.
Hurmatli Prezidentimizning ayniqsa: “Yangi O‘zbekistonni – jadal rivojlanib, dunyoga yuz tutayotgan davlat va jamiyatni barpo etishda siz, azizlarning o‘rningiz va hissangiz beqiyos ekanini barchamiz minnatdorlik bilan e’tirof etamiz”, — degan samimiy so‘zlari barchamizning ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi.
Chindan ham, azal-azaldan olis masofalarni bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prik bo‘lgan temir yo‘l tizimi orqali bugun tom ma’noda davlatlar bir-biri bilan amaliy munosabatga kirishmoqda, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-siyosiy jihatdan o‘z imkoniyatlarini oshirib, xalq farovonligini ta’minlamoqda. Shu ma’noda, bugungi davrda temir yo‘llarimiz kabi qulay, xavfsiz va ishonchli tarmoqni topish mushkul.
Ha, ozod va obod Yangi O‘zbekistonimiz taraqqiy etishida temir yo‘l tizimining ahamiyati nihoyatda beqiyos. Ko‘p millatli temiryo‘lchilar jamoasining samarali va mashaqqatli mehnati evaziga ortda qolgan yillar davomida tarmoqni har tomonlama takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarini alohida e’tirof etsak arziydi.
Shu munosabat bilan, biz ham jonajon diyorimiz temir yo‘llari tizimida mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinist va vagon kuzatuvchilari, soha faxriylarini, bir so‘z bilan aytganda, samarali mehnati bilan yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha temiryo‘lchilarimizni bayram bilan chin dildan tabriklaymiz.
Fidoyi temiryo‘lchilar!
Sizni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan Transport vazirligi jamoasi nomidan muborakbod etaman. Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirish yo‘lida olib borayotgan halol va sharafli mehnatingiz rohatini ko‘rib yuring! Oilangiz tinch, yo‘llaringiz hamisha bexatar bo‘lsin!
Hurmat va ehtirom bilan,
I.Maxkamov O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri.