Koronavirus infektsiyasining keng miqiyosda aholi orasida tarqalishining oldini olish, mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni barqaror holatda ushlab turish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan jamoat transporti (avtobus, metro va yo‘nalishli taksi) harakati vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu esa o‘z navbatida aholining yo‘nalishsiz taksilar xizmatiga bo‘lgan ehtiyojini bir necha barobarga ortib ketishiga sabab bo‘ldi.
Aynan ushbu vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda, hamda karantin sharoitida odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini inobatga olib yo‘nalishsiz taksilar yo‘l haqqining maqbul tariflarda bo‘lishini ta’minlash juda muhim. Biroq, afsuski so‘nggi kunlarda aynan yo‘nalishsiz taksilarda yo‘l haqqining asossiz ravishda bir necha barobarga oshirib yuborganligi holati aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Bugungi sinovli kunlarda yo‘nalishsiz taksida yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatayotgan uyushma va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari vaziyatni to‘g‘ri anglagan holda xalqimiz manfaati yo‘lida, yo‘lovchilar huquqlarni poymol etmagan holda faoliyat yurtishi, yo‘lkira narxlarining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymasligi zarur.
Yo‘nalishsiz taksilar yo‘lkira narxlarining asossiz ravishda oshirib yuborilishi bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olish maqsadida Transport vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va IIV YHXBB bilan hamkorlikda yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashish faoliyatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar va taksi buyurtama qilish bo‘yicha interaktiv xizmatlar ko‘rsatuvchi agregatorlar ishtirokida videokonferens aloqa shaklida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Onlayn muloqotda tashuv faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar va agregatorlar yo‘nalishsiz taksilar yo‘lkira narxi yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar tomonidan qat’iy nazoratga olinishi, narxlarni asossiz ravishda oshirib yuborish holatlari bo‘yicha esa keskin choralar ko‘rilishi (tashuv faoliyati bilan shug‘ullanish uchun berilgan litsenziyalarning bekor qilinishi) yuzasidan ogohlantirildi.
Transport vazirligi tomonidan ushbu sohada xizmat ko‘rsatuvchi integratorlarga (Yandex Taxi, My Taxi, Millennium Taxi, Easy Taxi) kunning tig‘iz vaqtida taksi xizmatiga bo‘lgan talab keskin ortgan payit, xizmat tarifining avtomatik tarzda oshish funksiyasini o‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Ayni damda agregatorlar tomonidan tarifning ko‘tarilish funksiyasi o‘chirildi.
Shuningdek, Transport vazirligi inspektorlari, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi va IIV YHXBB xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruhlari tomonidan yo‘nalishsiz taksilar yo‘l kira narxining asossiz ravishda oshirib yuborish va Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan karantin talablariga amal qilmasdan faoliyat yuritish holatlarining oldini olish maqsadida maxsus reyd tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunga qadar aniqlangan qoida buzarliklar yuzasidan 25 ta yuridik shaxsga nisbatan 64 litsenziya kartalarini bekor qilish shaklida choralar ko‘rildi. Ayni damda bu kabi reyd tadbirlari davom etmoqda.
Shu o‘rinda Transport vazirligi tashuvchilarni va yo‘nalishsiz taksi haydovchilarini yana bir bor belgilangan karantin choralariga qat’iy amal qilgan holda harakatlanishlarini va narxlarni asossiz ravishda oshirib yubormaslik yuzasidan ogohlantiradi.