Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Charter parvozlar uchun ruxsatnoma olish va reyslarning joriy holatini tekshirish tartibi

Chop etish Sahifani ulashish
21.12.2021 6060 Yangiliklar

 

Jahon amaliyotida bir martalik (charter) reyslar odatda muntazam qatnovlar bajarilmaydigan orollar va kurortlarda dam olishni xohlovchilar uchun sayyohlik agentliklari tomonidan o‘z mijozlari uchun buyurtma qilinadi.

Covid-19 pandemiyasi davrida rejalashtirilgan reyslarga kiritilgan cheklovlar tufayli ko‘plab aviakompaniyalar charter reyslarga – bir martalik reyslarni bajarish amaliyotiga o‘tgan.

Odatda, charter reyslari mijozlarning sonidan kelib chiqib tashkil etiladi va chipta jo‘nab ketish kuni yoki samolyotga chiqishdan oldin rasmiylashtiriladi. Charter qatnovi tashkilotchisi parvozni tayyorlash yuzasidan barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Xususan, charter qatnovini amalga oshirish yuzasidan barcha zaruriy hujjatlarni tayyorlaydi. Ya’ni charter qatnovi orqali parvoz etmoqchi bo‘lgan yo‘lovchi reysni tashkil etish bilan bog‘liq hech qanday muammoga duch kelmasligi ta’minlanishi lozim.

Amaldagi tartib shunday bo‘lishga qaramasdan, pandemiya davrida ba’zi bir vijdonsiz buyurtmachilar tomonidan O‘zbekiston aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirish uchun O‘zbekistonning vakolatli organidan o‘rnatilgan tartibda tegishli ruxsat olmasdan aviachiptalarni sotish bilan bog‘liq holatlar kuzatilmoqda.

Shu o‘rinda, Transport vazirligi charter qatnovlari orqali parvoz etmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilarning turli muammolarga duch kelmasligini oldini olish maqsadida aviachiptalarni xarid qilishdan avval Transport vazirligi huzuridagi "O‘zaviatsiya" agentligi rasmiy veb-saytining bosh sahifasida rejalashtirilgan reys (parvoz)larnnig holati bilan (https://uzcaa.uz/ru/table) tanishib chiqishni tavsiya etadi.

Shuningdek, ushbu saytda bir martalik reyslar buyurtmachilarning xorijiy davlatlar fuqaro aviatsiyasi operatorlariga O‘zbekiston aeroportlariga bir martalik parvozlarni amalga oshirish uchun arizalarni elektron shaklda topshirish va ruxsatnomalar berish tizimi ishlab chiqilgan.

Mazkur elektron platforma bir martalik parvozga ruxsat olish yuzasidan onlayn so‘rovlarni yuborish bo‘yicha murojaat etuvchilar uchun nihoyatda qulay tizimdir. Zero, ushbu tizim orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda "O‘zaviatsiya" agentligining “Uzbekistan Airports” AJ va "O‘zaeronavigatsiya" DUK bilan tezkor o‘zaro hamkorligi ta’minlagan bo‘lib, xorijiy aviakompaniyalarning bir martalik (charter) reyslari bo‘yicha so‘rovnomalari o‘rnatilgan tartibda o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari buyurtmachilar O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligiga ingliz yoki rus tillarida https://uzcaa.uz/ru/permission havolasi orqali kechayu kunduz so‘rov yuborish imkoniyatiga ham egadir.