Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

China Southern airlines Pekin va Urumchidan Toshkentga parvozlar sonini oshiradi

Chop etish Sahifani ulashish
11.09.2024 1095 Yangiliklar

O‘zbekiston va Xitoy aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida 10-sentabr kuni Transport vazirligida Xitoyning China Southern airlines aviakompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlar hajmini oshirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish masalalari muhokama etildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra China Southern airlines aviakompaniyasining Pekin – Toshkent yo‘nalishida haftalik aviaqatnovlarini 4 tadan 7 taga oshirish, Urumchi – Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovlarini esa 3 tadan 4 taga oshirish, shuningdek, 2025-yildan boshlab Guanchjou – Urumchi – Toshkent yo‘nalishida haftasiga 3 ta aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.

 

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 17–21 - iyun kunlari Xitoyning Sian shahrida o‘tkazilgan “C5+1 Xitoy—Markaziy Osiyo fuqaro aviatsiyasi konferensiya”si davomida O‘zbekiston va Xitoy aviatsiya hukumatlari o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish, ikki davlat o‘rtasida amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar sonini keskin oshirish, yangi havo yo‘laklarini ochish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilgan.

 

Mazkur kelishuvlar doirasida O‘zbekistonning 4 ta rezident aviakompaniyasiga O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlaridan Xitoyning 12 ta shahriga yo‘lovchi tashishi bo‘yicha haftasiga 58 ta muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish yuzasidan tayinlovlar amalga oshirilgan va bu haqida Xitoy aviatsiya administratsiyaga diplomatik kanallar orqali xabar berilgan.

 

Ayni vaqtda O‘zbekistonning Qanot Sharq, Centrum air va Air Samarqand aviakompaniyalari Xitoyga yo‘lovchi tashish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlash uchun Xitoy aviatsiyasi ma’muriyatining ССAR-129 sertifikatsiya talablarini bajarish yuzasidan tegishli ishlarni amalga oshirmoqda.

 

Ma’lumot uchun: Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida 9 ta aviakompaniya tomonidan 16 ta yo‘nalishda haftasiga jami 63 ta muntazam aviaqatnovlar amalga oshirib kelinmoqda. Shundan 21 tasi yo‘lovchi tashish bo‘yicha qolgan 42 tasi yuk tashish bo‘yicha amalga oshirilmoqda.