O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi kemachiligi sohasida xavfsizlikni ta’minlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Qarorning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasining ichki kema yo‘llarida, tabiiy va sun’iy barpo etilgan suv havzalarida kemalarning xavfsiz suzishi, inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, yuk va yo‘lovchilarning xavfsiz va ishonchli tashilishini ta’minlash, kemalarning suv yo‘llarida harakatlanishi davrida yagona tartib o‘rnatish hamda suv havzalarida kemalar bilan sodir etiladigan avariyalarning oldini olish hisoblanadi.
Mazkur qaror bilan:
O‘zbekiston Respublikasining ichki kema yo‘llarida suzish qoidalari;
Daryo transportini texnik ishlatish qoidalari;
Daryo transportida yuk tashish qoidalari tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining ichki kema yo‘llarida suzish qoidalari bilan kemalarning xavfsiz suzishini ta’minlashga oid qoidalar, kemalarning to‘g‘ri harakatlanishi, navigatsiya chiroqlari va belgilarining vazifalari, navigatsiya boshlanishi davrida ularni o‘rnatish va navigatsiya tugagandan keyin ularni yig‘ishtirib olish tartibi, hamda kema boshqaruvchilari tomonidan tovushli signallardan foydalanish qoidalari belgilab qo‘yildi. Ob-havoning noqulay sharoitlarida kemalarni boshqarishda suzish xavfsizligini ta’minlash uchun foydalaniladigan signallar berishning yagona tartibi o‘rnatildi.
Daryo transportini texnik ishlatish qoidalari bilan kema qatnaydigan ichki suv yo‘llarida va suv havzalarida foydalanishda bo‘lgan daryo transporti vositalarini texnik ishlatish tartibi, daryo transporti vositalarining texnik holatiga, ularni loyihalashtirish, qurish, qayta jihozlash va ta’mirlash davrida amalga oshiriladigan ishlar tartibga solindi va kema egalariga uslubiy qo‘llanma sifatida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi. Qoidalar bilan suv havzalarining kemalardan ifloslantirishning oldini olish bo‘yicha kema egalariga talablar belgilab qo‘yildi.
Daryo transportida yuk tashish qoidalari bilan portlarda yuk qabul qilish, saqlash, daryo transporti vositalariga yuklash tartibi, yuk jo‘natuvchi, yuk oluvchi va tashuvchining majburiyati, huquqlari va javobgarligi belgilandi. Qoidalar bilan yuk tashuvchi tomonidan yuk tashish uchun jalb qilinayotgan kemalarning yuklarni manzil portiga xavfsiz va ishonchli yetkazish imkoniyatini beruvchi xavfsizlik talablariga muvofiqligini ta’minlashi hamda yuk jo‘natuvchi tomonidan yuklarni texnik shartlarga muvofiq keladigan milliy standartlar, xalqaro standartlarga muvofiq va ularning to‘liq saqlanishini ta’minlaydigan soz taralar va o‘ramlarda taqdim etilishi belgilab qo‘yildi.
Daryo transportida yuklarni tashish uchun zarur bo‘ladigan hujjatlar ro‘yxati, hamda yuklarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishi va chiqib ketishi davrida yuklarni bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini hamda chegara nazoratini amalga oshirish tartibi belgilab qo‘yildi.