Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Deputatlar Toshkent metropolitenning yer usti xalqa liniyasidagi yangi stantsiyalarga tashrif buyurishdi

Chop etish Sahifani ulashish
13.11.2020 5552 Yangiliklar

 

Bugun O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputatlari, parlamentning Quyi palata fraksiyalari a'zolari poytaxt metropolitenining yangi obyekt – "Do'stlik-2" - "Qo'ylik" yo‘nalishi, undagi yo'lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar, stansiyalarning faoliyati hamda joylardagi inshootlarning ekspluatasiyasi bilan yaqindan tanishdilar.

                                 

Delegatsiya a’zolari metroning "Do'stlik-2" bekatidan "Qo’yliq" bekatigacha yangi metro poyezdlarda sayohat qildi. Shuningdek, deputatlar uchun yer usti metro liniyasining qurilish jarayoni va bugungi kundagi faoliyati haqidagi taqdimot namoyish etildi. Mehmonlar o’zaro fikr almashib barcha savollariga metropoliten mutaxassislari tomonidan atroflicha javob olishdi. "ATTO" MChJ mutasaddilari esa jamoat transportida joriy etilayotgan yangi elektron to’lov tizimi va uning samaradorligi haqida ma’lumot berishdi.

                          

– Deputatlarning amaliy jarayonlar bilan bevosita tanishishi sohalarni batafsil o'rganish imkoniyatini yaratib, qonun ijodkorligida mukammallikni ta'minlashga xizmat qiladi, – deydi Botir Mardaev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo'mitasi a'zosi. – Shu bois, bugun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo'mitasi tashabbusi bilan bir guruh deputatlar ishtirokida Toshkent shahrida qurilayotgan yer usti xalqa metropoliteni liniyasining «Do'stlik-2» – «Qo'yliq» yo'nalishi obyektlari va yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ayni paytda, Qonunchilik palatasida «Transport to'g'risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o'qishga tayyorlanmoqda. Yer usti metropoliteni faoliyati bilan yaqindan tanishuv, sohadagi mavjud masalalarni o'rganish mazkur qonun loyihasini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ta'kidlash lozimki, mazkur qonun loyihasi davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 fevraldagi «Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida yangi tahrirda ishlab chiqilgan. Ushbu qonun loyihasi transport sohasining barcha jabhalarini o'z ichiga qamrab olmoqda.

                        

Uchrashuv qizg'in muhokama va savollarga hamda takliflarga boy bo'ldi. Jumladan, mamlakatimizda temir yo'l transporti sohasini yanada rivojlantirish, yo'lovchilarga sifatli xizmat ko'rsatish, poytaxt aholisi va tashrif buyuruvchilar uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi alohida e'tirof etildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegasiyasining barcha savollariga "O'zbekiston temir yo'llari" AJ va "Toshkent metropoliteni" UK mutasaddi xodimlari batafsil javob berishdi.