2021-yil 14-yanvar kuni Yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish shartnomasi to‘g‘risidagi Konvensiyaning elektron yuk xatiga (e-CMR) oid 2008-yil 20-fevralda Jeneva shahrida imzolangan Qo‘shimcha bayonnomasi O‘zbekiston Respublikasi uchun kuchga kiradi. O‘zbekiston ushbu Bayonnomaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi PQ-4842-sonli qaroriga muvofiq qo‘shilgan.
O‘zbekiston 1995-yildan buyon Yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish shartnomasi to‘g‘risidagi Konvensiyaning ishtirokchisi hisoblanadi. Ushbu Konvensiyaga Qo‘shimcha bayonnoma ma’lumotlarni elektron shaklda ro‘yxatga olish va qayta ishlash usullaridan foydalangan holda yuk xatini tayyorlashning ixtiyoriy tartibini soddalashtirish maqsadida qabul qilingan.
Depozitariyning ma’lumotiga ko‘ra 29 ta davlat, jumladan Belarus, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Latviya, Litva, Moldova, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Tojikiston, Turkiya, Ukraina, Finlandiya, Fransiya, Chexiya, Shveysariya, Eron, Estoniya kabi davlatlar Qo‘shimcha bayonnomada ishtirok etadi.
Mazkur hujjat elektron aloqa vositasi orqali tashish shartnomasini tuzish tartibini soddalashtirish va tezlashtirishni, yuk xatining qog‘oz shaklidagi nusxasi bilan teng yuridik kuchga ega bo‘lgan elektron yuk xatini joriy etishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, Bayonnomada ishtirok etish qog‘oz shaklidagi hujjatlardan foydalanishni cheklamagan holda e-CMRdan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tishni ta’minlaydi.
e-CMRdan foydalanish multimodal tashuvlarda transport vositalarining o‘zaro harakatini yengillashtiradi, yuk xati bilan bog‘liq harakatlarni boshqarish unumdorligini oshiradi hamda transport operatorlari va yuk egalarining yuk xatlari va boshqa tegishli hujjatlarni chop etish, qayta ishlash va arxivlash xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi.
O‘zbekiston Respublikasining Qo‘shimcha bayonnomada ishtirok etishi transport va tranzit amaliyotlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari doirasidagi ishtirokchilar o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi jarayonini tezlashtirish hamda vaqt va moliyaviy sarf-xarajatlarni kamaytirish orqali milliy tashuvchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.