Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Estoniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Toomas Tirs boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Estoniya savdo sanoat palatasi rahbari Margus Ilyamrov, Siilamyae portining tijorat direktori Mixel Yuriko, "Autolink" kompaniyasi temir yo‘l bo‘limi boshlig‘i Yan Tolokonnikov ishtirok etgan uchrashuvda tomonlar transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama etishdi.
Estoniya tomoni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash va yanada rivojlantirish maqsadida katta biznes-missiyasi bilan yurtimizga tashrif buyurganini qayd etib o‘tdi.
Xususan, Estoniya mamlakatlarimiz o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, temir yo‘l transporti mutaxassislarini o‘qitish, logistika xizmatlari ko‘rsatishni raqamlashtirish yo‘nalishida ishlashga katta qiziqish bildirdi.
Shuningdek, Estoniya portlaridan samarali foydalashnish orqali yuk tashuvlar hajmini oshirish imkoniyatlari muhokama etildi. Xorijiy tomon portlari vakillari o‘zlarining infratuzilmaviy imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazishdi.
Uchrashuvda muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi.