Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilishida fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur huquqiy baza yaratildi.
Qolaversa, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini yaratish, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida joriy yil 26-avgustda “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 13-dekabr kuni Transport vazirligida fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Demokratiya va inson huquqlari instituti – nodavlat notijorat tashkilot, O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi vakillari hamda vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari qatnashdi.
Vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan Ochiq muloqotda 2024-yil davomida mamlakatimiz transport va yo‘l xo‘jaligi sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar, bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ularning bevosita ishtirokida amalga oshirilgan loyihalar natijalariga to‘xtalib o‘tildi. Transport vazirligi mutasaddilari ishtirokchilarning savollariga javob qaytardi, fuqarolik jamiyati instituti vakillarining taklif-mulohazalari tinglandi.
Ochiq muloqotda vazirlik Jamoatchilik kengashi raisi Sayyora Xodjayeva mamlakatimizda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning yaratilishi, davlat organlari va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro ishonchli va teng manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, samarali jamoatchilik boshqaruvini yo‘lga qo‘yishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.