Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Gonkong aviatsiya hukumati bilan kelishuvga erishildi  

Chop etish Sahifani ulashish
23.10.2024 1120 Yangiliklar

 

Avval xabar berilganidek, Transport vazirligi delegatsiyasi Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida ICAOning ICAN-2024 tadbirida ishtirok etmoqda.

 

Tadbir doirasida Transport vazirligining ilk uchrashuvi Gonkong aviatsiya hukumati bilan bo‘lib o‘tdi.

 

Gonkong Xitoy Xalq Respublikasining bir bo‘lagi hisoblansa-da, alohida ma’muriy hudud bo‘lganligi sababli uning aviatsiya hukumati Xitoy Xalq Respublikasi aviatsiyasi ma’muriyatidan alohida faoliyat yuritadi. Shuningdek, o‘zining havo hududidan hamda aeroportlaridan foydalanish bo‘yicha alohida mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega.

 

Gonkong aholisi 8 mln ga yaqin bo‘lib, yalpi ichki mahsulot hajmi 550 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi. Shuningdek, Xitoy ichidagi ushbu mitti ma’muriy hudud xavfsizlik va iqtisodiy o‘sish darajasi hamda soliq erkinligi, shuningdek, investitsiyalar uchun yaratilgan imkoniyatlari bilan dunyoning moliyaviy markazlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

 

Gonkong hududi kichikligi hamda o‘z resurslariga ega emasligiga qaramay soliq erkinligi va tadbirkorlar uchun berilgan bir qator imtiyozlar sababli mahsulotlar reeksporti bo‘yicha Osiyo va Tinch okeani havzasi mamlakatlari orasida birinchilikni bermay kelmoqda.

 

Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning aksariyati soliq imtiyozi tufayli Gonkong tomonidan reeksport qilib kelinadi. Mazkur tovar va xomashyolarning aksariyati Yevropa, Yaqin Sharq, Turkiya hamda Arab mamlakatlariga reeksport qilinadi.

 

O‘zbekistonning geografik joylashuvi mazkur yuklar tashuvida tranzit vazifani o‘tashi uchun o‘ta muhim imkoniyat hisoblanadi. Shuningdek, Gonkong o‘zining parvozlar geografiyasi bilan nafaqat yuk tashish, shu bilan birga yo‘lovchi tashish bo‘yicha yo‘nalishlar va parvozlar chastotasining ko‘pligi bilan dunyoning eng yirik aviakompaniyalari e’tiborini tortib keladi.

 

Gonkong aviatsiya hukumati bilan erishilgan mazkur kelishuv O‘zbekistonda tashkil etilgan yangi aviakompaniyalar uchun yangi parvoz maskani bo‘lishi hamda turistlarni O‘zbekistonga olib kelishi uchun keng imkoniyatlar berishi bilan bir qatorda Gonkongdan Yevropa, Turkiya, Arab hamda boshqa mamlakatlarga yuklarni O‘zbekiston orqali tranzit olib o‘tishi uchun zamin yaratadi.

 

Ma’lumot uchun: Gonkong xalqaro aeroportida yiliga 40 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilib, 270 mingdan ortiq uchish-qo‘nish operatsiyalari amalga oshiriladi hamda 4.3 mln tonna yuk havo kemalari orqali tashiladi. Aeroportdan 120 dan ortiq aviakompaniyalar 220 dan ortiq yo‘nalishlarga aviaqatnovlarni amalga oshirib keladi.

 

Shu kunga qadar Gonkong aviatsiya hukumati o‘zining aeroporti gavjumligi hamda o‘tkazuvchanlik qobiliyati to‘la hajmda ishlayotganligi sababli aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan yuborilgan so‘rovnomalarga rad javobini berib kelgan bo‘lsa, ushbu aeroportda yangi qurilgan uchish qo‘nish yo‘lagi hamda aeroportning yo‘lovchi va yuk terminali o‘tkazuvchalik hajmining oshirilishi va Transport vazirligi tomonidan erishilgan ushbu kelishuv ikki mamlakat o‘rtasida savdo, iqtisodiy aloqalar, transport logistikasi va turizmni rivojlantirish uchun O‘zbekiston hamda Gonkong aviakompaniyalariga yangi eshiklarni ochadi.