Samarqand shahridagi “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida «Aeronavigatsiya xizmatlarini joriy etish» va «Uchuvchisiz tizimlar parvozlarini tashkil etish» mavzusida Yevropa va Shimoliy Atlantika - ICAO guruhining 6-xalqaro yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yurtimizda ilk bor tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari Rossiya, Fransiya, Turkiya, Moldova, Armaniston kabi 11 ta mamlakatdan 50 nafarga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
– Keyingi yillarda O‘zbekistonning aviatsiya tizimi jadal rivojlanmoqda, - deydi ICAOning Yevropa mintaqasi bosh kotibi Sven Xall. - Bir qator aeroportlar rekonstruktsiya qilindi, yangi aviakompaniyalar tashkil etilmoqda. Parvozlar geografiyasi kengaytirilib, samolyotlar dunyoning 50 dan ziyod davlatiga uchib bormoqda. Eng muhimi, mamlakat aeronavigatsiya tizimi modernizatsiya qilindi. O‘tgan yili Armanistonda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda navbatdagi forum aynan Samarqandda o‘tkazilishini hohlagandik. Chunki “O‘zaeronavigatsiya” markazi tomonidan havodagi kenglikdan foydalanish va harakatni boshqarishda boshqalar ham o‘rganadigan jihatlari juda ko‘p. Besh kunlik forumda biz ham bilim va ko‘nikmalarimizni ular bilan baham ko‘ramiz. Ekspertlarimiz tomonidan uchuvchisiz qurilmalar va dronlar haqida, sohada qo‘llanilayotgan innovatsion yangiliklar taqdimotlarini ham o‘tkazamiz.
O‘zbekistonning tashkilotimizga a’zo bo‘lganiga 30 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hali biror marta bu kabi tadbirlar o‘tkazilmagan edi, - deydi “O‘zaeronavigatsiya” markazi DUK direktori Doniyor Jumayev. – Fuqaro aviatsiyamizda yangi davr boshlangach, respublikaning barcha hududlarida havodagi harakatni boshqarish tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilishning yagona, aniq bir maqsadga qaratilgan siyosatini olib borish imkoni paydo bo‘ldi. Mamlakatimiz ham ICAO - Yevropa va Shimoliy Atlantika byurosi tarkibiga kiradi. Mazkur xalqaro tashkilot a’zo davlatlarni bevosita qo‘llab-quvvatlab, ular faoliyatini muvofiqlashtirib keladi.
- Bugungi kunda Yevropadan bajarilayotgan minglab parvozlar O‘zbekiston osmonidan o‘tadi, - deydi “Evaair” havo harakatini boshqarish kompaniyasi eksperti, Yevronazorati menedjeri Dragisa Stankovich. – Shu sababli yig‘ilishimizni ham yurtingizda o‘tkazilishida muhim asos bor. Dunyoning turli davlatlaridan kelgan fuqaro aviatsiyasi sohasi mutaxassislari jam bo‘lib, sohada paydo bo‘lgan muammolarni bartaraf etish, birgalikda yechimlarini topish ustida bosh qotirmoqda. Chunki aviatsiyada ham, aeronavigatsiya sohasida ham hali birgalikda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning xalqaro fuqaro aviatsiya hamjamiyatidagi milliy aeronavigatsiya xizmatlari tizimi mavqeini oshirishga, sohada erishilgan yutuqlar, so‘nggi tendentsiyalar, innovatsiyalar va ilg‘or tajribalar haqida ma’lumot va fikr almashish ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.