Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Xalqaro transport forumi tashkiloti bilan hamkorlik aloqalari kuchaytiriladi

Chop etish Sahifani ulashish
14.02.2023 3185 Yangiliklar


Bugun transport vaziri Ilhom Maxkamov Xalqaro transport forumi (XTF) tashkiloti bosh kotibi Yong Te Kim bilan uchrashdi.

 

Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

 

Xalqaro transport forumi (XTF) transportning barcha turlarini mujassamlashtirgan yagona hukumatlararo tashkilot bo‘lib, transport siyosati masalalari bo‘yicha tahliliy markaz sifatida faoliyat yuritadi. Bugungi kunda tashkilotga dunyoning 64 ta mamlakati a’zo bo‘lib kirgan.

 

Tashkilotning maqsadi iqtisodiy o‘sish, ekologik barqarorlik va ijtimoiy integratsiya jarayonlarida transportning roli va ahamiyatini kengroq tushuntirishga ko‘maklashish hamda transport siyosatining ijtimoiy ahamiyatini oshirishdan iboratdir. Ayni shu maqsadda tashkilot dunyoning eng yaxshi tajribalari bilan almashish platformasi sifatida faoliyat yuritadi va transport sohasidagi turli yo‘nalishlarda tadqiqotlar o‘tkazadi.

 

Uchrashuvda Xalqaro transport forumi va Transport vazirligi o‘zaro hamkorlikda amalga oshirgan “Toshkent shahri yo‘lovchi transportini dekarbonizatsiya qilish yo‘nalishlari” loyihasi muhokama etildi.

 

Transport vaziri I.Maxkamov Xalqaro transport forumi tomonidan chuqur bilim va eng ilg‘or xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar mamlakatimiz shaharlarida jamoat transportini kompleks rivojlantirish va qarorlar qabul qilishda katta ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

 

Xalqaro transport forumi (XTF) tashkiloti bosh kotibi Yong Te Kim janoblari mamlakatimizda transport va transport kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish, xususan, jamoat transportini isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholab, ushbu jarayonda o‘zaro hamkorlikda ishlar samarali bo‘lishiga ishonch bildirdi.

 

O‘z navbatida Transport vaziri I.Maxkamov Xalqaro transport forumi (XTF) tashkiloti bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlar jadallashtirilishini ma’lum qildi.

 

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi.