Joriy yilning 28 - oktabr kuni Xitoyning China Gezhouba Group Corporation (CGGC) kompaniyasi vakillari hamda Transport vaziri o‘ribosari A.Mo‘minov va vazirlikning tegishli mutasaddilari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalari atroflicha muhokama etildi. Xususan, Xitoy kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda pullik avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha istiqbolli loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirayotganligini ma’lum qildi.
Xorijiy kompaniya vakillariga mamlakatimizda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida DXSh asosaida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Xususan, Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maslahat ko‘magida amalga oshirilayotgan Toshkent-Andijon, Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi, shuningdek, Samarqand va Shahrisabz shaharlari orasida 66 kilometrlik avtomobil yo‘li va Taxtaqoracha dovonida 4,4 kilometrlik tunnel qurish loyihalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Xitoy komaniyasi DXSh asosida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha o‘zining moliyaviy, texnik va boshqa takliflarini Transport vazirligiga taqdim etishni bildirdi.