Joriy yilning 8 iyunidan "sariq" va "yashil" toifadagi hududlarda jamoat transportlari – avtobuslar harakatiga ruxsat berildi. Ammo, karantin talablarining yumshatilishi haydovchi va yo‘lovchilarni mas’uliyatdan ozod etmaydi. Ya’ni, ularning karantin talablari asosida harakatlanishlari qat’iy nazoratga olingan.
Jumladan, Transport vazirligining avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan joylarda qatnayotgan avtobus hamda yo‘nalishsiz taksilar harakati va ularda yo‘lovchi va haydovchi hamda chiptachilarning sanitariya va gigiena qoidalariga amal qilish holatlari nazorat qilib borilmoqda.
Xususan, avtobus va yo‘nalishsiz taksi haydovchilarining tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lishlari, taksi salonlarida yo‘lovchi va haydovchi o‘rindiqlarining maxsus shaffof plyonka bilan ajratilishi doimiy nozirlar kuzatuvida. Shu bilan birga yo‘lovchilarning transportda niqobda yurishlari ham ular e’tiborida. Aniqlanayotgan holatlar bo‘yicha esa tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Shu o‘rinda jamoat transporti xizmatidan foydalanishda yo‘lovchilardan o‘z salomatligiga befarq bo‘lmagan holda karantin talab qoidalariga qat’iy amal qilishlarini so‘rab qolamiz.