Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni shu yo‘nalishda 8-noyabr kuni Transport vazirligida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Vazirlik markaziy apparati, hududiy transport boshqarmalari hamda tizim tashkilotlari xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita maslahatchisi Ilhom Ma’rupov bugungi kunda globallashuvning shiddatli tus olishi dunyo miqyosida g‘oyaviy-mafkuraviy tahdidlarning tobora avj olishiga zamin yaratayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Mana shunday bir sharoitda tinchlik, barqarorlikni saqlashda ma’naviyat va ma’rifatga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, Prezidentimiz qayd etganidek: “Biz ma’naviyat va ma’rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, ma’naviyati bor inson Vatanni, albatta, yaxshi ko‘radi. Vijdon, ma’naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir.
Tadbirda bugungi shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyati, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish va bunda O‘zbekiston tajribasi, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari qatnashchilarga yetkazildi.
Ayni paytda O‘zbekistonning “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini tarqatishga, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilishga o‘z hissasini qo‘shishi ta’kidlab o‘tildi.