Transport vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan poytaxt jamoat transporti avtobuslarda 2025-yilning 1-yanvar sanasidan e’tiboran naqd pulda to‘lovlarni qabul qilish amaliyotining to‘xtalishi bilan bog‘liq jarayonlar, yo‘lovchilar uchun yaratilgan elektron to‘lov usullari, bir martalik QR-chiptalarni sotib olish uchun mavjud sharoitlar bilan tanishish maqsadida jamoatchilik nazorati o‘tkazildi.
Vazirlik Jamoatchilik kengashi raisi Sayyora Xodjayeva va kengash a’zolari yo‘lovchi oqimi katta bo‘lgan avtobus bekatlarida bo‘lib, yangi tizim yuzasidan aholi fikri bilan yaqindan tanishishdi. Yo‘l haqi to‘lovlarini elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganib chiqildi.
Shundan so‘ng, Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov bilan amaliyotga joriy etilgan yangi tizimning ahamiyati, kutilayotgan natijalar va ko‘rsatkichlar yuzasidan fikr almashildi. Jamoatchilik nazorati davomida yo‘lovchilarning yangi tizimga ko‘nikib va moslashib olishi yo‘lida targ‘ibot va tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish, har bir aholining xabardorlik darajasini oshirish orqali to‘lov madaniyatini yuksaltirish dolzarb ahamiyat ega ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov aholi tomonidan bildirilgan, takliflar va murojaatlar, qolaversa, jamoatchilik faollari hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida bir martalik QR-chiptalar sotib olish imkoniyatini beruvchi infokiosklar sonini ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, Toshkent shahri jamoat transporti tizimni rivojlantirish maqsadida sohada olib borilayotgan islohotlar, ularning natijasi, tizimda raqamlashtirish jarayonlari, avtobus tashuvlari xavfsiziligini ta’minlash hamda sifat nazorati yuzasidan o‘rnatilgan monitoring hamda dispetcherlar ish faoliyati bilan tanishildi.
Jamoatchilik kengashi a’zolari avtobuslarda naqd pulda to‘lovlarni qabul qilish amaliyotining to‘xtatilishi nafaqat tushumlar shaffofligi ta’minlashi, qolaversa, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan transport xizmati sifati oshishi va eng muhimi tashuvlarning yanada xavfsiz bo‘lishida muhim qadam ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.