Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Yo‘lovchilar endi Andijondan Xonobodga poyezdda ham boradigan bo‘ldi

Chop etish Sahifani ulashish
19.03.2021 9663 Yangiliklar

 

Ta’kidlash joizki, Xonobod shahri Qoradaryoning o‘ng sohilida, viloyat sharqida, Andijon shahridan qariyb 80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shaharga 1972- yilda asos solingan bo‘lib, aholisi 41 ming kishini, umumiy yer maydoni esa, 23 kilometr kvadratni tashkil etadi. O‘zining ko‘rkam manzarasi, tabiatining go‘zalligi, toza havosi bilan sayyohlarning diqqatini o‘ziga jalb qila oladigan hudud desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017- yil 2- iyun kuni Andijon viloyatining Xonobod shahriga qilgan tashrifi chog‘ida Xonobod shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi dam olishi uchun qulayliklar yaratish, hususan, temir yo‘l vokzalini qurish bo‘yicha bergan topshiriqlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017- yil 28- iyundagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hududda qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Xonobod shahrida temir yo‘l vokzali qurildi.

Xonobod temir yo‘l vokzali 50 o‘rinli bo‘lib, bir sutkada 500 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Vokzal atrofida bir gektardan oshiq maydonga turli xildagi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Ushbu yangi vokzalning qurilishi bilan 20 nafarga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

Yangilanish va yasharish ayyomi bo‘lgan Navro‘z bayrami arafasida, ya’ni bugun mazkur temir yo‘l vokzali foydalanishga topshirildi. Erta tongdan Andijon – Xonobod yo‘nalishida birinchi yo‘lovchi poyezdi harakatini boshladi. Bayramona kayfiyatda yo‘lga chiqqan nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar mazkur poyezdning ilk yo‘lovchisiga aylandilar.