Yangi yil bayrami munosabati bilan yo‘lovchilar oqimining keskin ortishi sababli aholining hududlarga harakatlanish imkoniyatini oshirish, yo‘lovchilarning o‘z vaqtida manzillariga etib olishini ta’minlash maqsadida Transport vazirligi soha tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shimcha chora - tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, amaldagi muntazam qatnovlardan tashqari joriy yilning 27 - dekabridan 30 - dekabrigacha Uzbekistan airways aviakompaniyasi tomonidan Toshkent – Nukus, Toshkent – Buxoro yo‘nalishlarida ikkitadan, Toshkent – Qarshi, Toshkent – Namangan, Toshkent – Termiz yo‘nalishlarida bittadan, Toshkent – Urganch yo‘nalishida esa qo‘shimcha uchta reys amalga oshiriladi. Natijada haftasiga qo‘shimcha qatnovlar soni jami 10 tani tashkil etmoqda.
Bundan tashqari Toshkent – Nukus, Toshkent – Buxoro va Toshkent – Urganch yo‘nalishlarida 7 ta parvozga 150 o‘rindiqli A 320 rusumli havo kemalari Boeing 757 (184 o‘rindiqli) va Boeing 767 (247 o‘rindiqli) rusumli havo kemalariga almashtirildi. Buning natijasida 427 ta qo‘shimcha yo‘lovchilar tashishga o‘rindiqlar yaratildi.
Temir yo‘l transportida esa "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan joriy yilning 25 - dekabr kunidan 2022 - yilning 10-yanvar kuniga qadar yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdining “Toshkent – Buxoro – Toshkent” yo‘nalishida har kunlik qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 27 hamda 29-dekabr kunlari “Toshkent – Buxoro – Urganch” yo‘nalishida qo‘shimcha ikkita yo‘lovchi poyezdi qatnovi tashkil etilishi belgilandi.
Bundan tashqari Toshkent – Termiz, Toshkent – Nukus, Toshkent – Urganch yo‘nalishlarida harkatlanayotgan yo‘lovchi poyezdlariga qo‘shimcha 4 tadan platskart vagonlari ulanmoqda.
Shuningdek, quyidagi yo‘nalishlarda Toshkent – Nukus (2 ta), Toshkent – Buxoro (12 ta) Toshkent –Jizzax (3 ta), Toshkent – Qarshi (16 ta), Toshkent –Navoiy (17 ta), Toshkent – Samarqand (19 ta), Toshkent – Termiz (43 ta), Toshkent – Sirdaryo (5 ta), Toshkent – Urganch (18 ta) qo‘shimcha avtobuslar qatnovi amalga oshiriladi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida aholining respublikamiz hududlari bo‘ylab transportda harkatlanishiga bo‘lgan mavsumiy talab to‘la qondiriladi.