Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

“Keksalar turizm oyligi” munosabati bilan chegirmalar joriy qilindi

Chop etish Sahifani ulashish
04.11.2021 5908 Yangiliklar

 

Noyabr oyi “Keksalar uchun turizm oyligi” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan O‘zbekistonda mehmonxona va  umumiy ovqatlanish maskanlaridagi xizmatlar uchun ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq, mamlakat bo‘ylab keksa avlod vakillarining sayohat qilishini rag‘batlantirish maqsadida noyabr oyi “Keksalar turizm oyligi” deya e’lon qilindi.

Keksalar oyligini munosib o‘tkazish, ularning dam olishlarini maroqli tashkil etish hamda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Respublikadagi 223 ta joylashtirish vositasi (mehmonxonalar va mehmon uylari) xizmatlari uchun - 50 foizgacha, 204 ta umumiy ovqatlanish maskanlaridagi xizmatlar uchun 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 1-30 noyabr kunlari Respublika ichidagi aviaqatnovlarda 60 yoshdan yuqori erkaklar va 55 yoshdan yuqori bo‘lgan ayollar uchun ekonom va biznes toifalarining (LPR3M, UPR3M, SPR3M, OPR3M tashqari) joriy narxlarga 25 foiz miqdorda ixtiyoriy chegirmalar joriy etilgan.

Bundan tashqari, noyabr oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan mamlakat ichidagi amaldagi tariflarga 10 foiz miqdorda hamda “Uzautotrans Service” MCHJ tomonidan mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi avtobus chipta narxlariga 10 foiz miqdorda ixtiyoriy chegirmalar amal qiladi.

Shu bilan birga, keksalarni ziyoratgoh va madaniy meros obyektlariga kirish uchun O‘zbekiston Musulmonlar idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi 6 ta ziyoratgohga nafaqa va keksa yoshdagi fuqarolar uchun 50 foiz miqdorida chegirmalar belgilangan.

Madaniy meros agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi 24 ta madaniy meros obyektlariga kirish uchun 20 foiz miqdorda chegirmalar joriy etilgan.

Turizm va sport vazirligi tomonidan 14 hudud bo‘yicha ziyoratgohlar va qadamjolarni o‘zaro bog‘lagan ichki turizm sayohat dasturlari ishlab chiqilib, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan barcha hududlardan fuqarolar yig‘inlaridagi keksa avlod vakillaridan iborat faollarni keng jalb etish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan mamlakatimizda ichki turizmga ruxsat berilgani munosabati bilan keksalarni dam olishini maroqli tashkil etishda, ularning salomatligi va xavfsizligi, shuningdek, sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etiladi.