Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 32-yilligi katta tantana bilan nishonlanmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni asosida Transport vazirligi hamda uning tizim tashkilotlarida “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” bosh g‘oyasini o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu muhim sana munosabati bilan vazirlik markaziy apparati xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ma’no-mazmuni, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlarning Bosh Qomusimiz mohiyatiga hamohangligi, so‘nggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda Konstitutsiyaning o‘rni beqiyosligi e’tirof etildi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi o‘qituvchisi Jahongir Qurbоnov hamda Toshkent davlat transport universiteti Xalqaro ommaviy huquq kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Mafura Inagamovalar o‘z ma’ruzasida yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligi, xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilayotganligi, mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasi ta’minlanayotganligi va barcha sohalarda fuqarolar manfaati qonun muhofazasida ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.