Zamonaviy yo‘l o‘tkazgichlar va ko‘priklarni loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish maqsadida Transport vazirligi tomonidan tashkil etilgan bir haftalik o‘quv-amaliy seminar trening o‘z faoliyatini boshladi.
Transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan ko‘prikchi mutaxassis xodimlarni, shuningdek, Toshkent davlat Transport universiteti professor-o‘qituvchilari, doktorant va magistrlarini zamonaviy ko‘prik qurilish sohasida zaruriy bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminar treningda xorijlik va mahalliy ekspertlar ishtirok etishmoqda.
Toshkent davlat transport universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda zamonaviy ko‘prik qurilish sohasida ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish va natijadorligini oshirish maqsadida ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlari integratsiyasiga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘quv seminar-treningda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspektsiyasi, “Ko‘prik qurilish tresti” UK, “Boshtransloyiha” AJ va Toshkent davlat transport universiteti yosh olimlari va magistrlari ishtirok etmoqda.
O‘quv kursining 1-kunida turk mutaxassisi Uzgur Yilmizar “Ko‘priklar qurilishida geodezik, geologik qidiruv ishlarini tashkil etish. Texnik talablar. Muammolar va yechimlar” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
O‘quv-amaliy seminar trening davomida ishtirokchilari xorijlik mutaxassislar bilan birgalikda Toshkent shahrida barpo etilayotgan zamonaviy transport inshootlari qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Bu yerda ishlab chiqarish obyektida geodezik va geologik qidiruv ishlarini olib borishni obyektda qo‘llanilishi yuzasidan fikr almashildi.