Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Korrupsiyaga qarshi kurashish – dolzarb vazifa

Chop etish Sahifani ulashish
12.12.2020 8476 Yangiliklar

 

Bugungi kunda jamiyatni tashvishga solayotgan eng global muammolardan biri – korrupsiya balosidir. Mamlaktimizda ushbu illatga qarshi kurashish masalasiga umumdavlat miqyosidagi vazifa sifatida qaralib, uning oldini olish yuzasidan izchil va muntazam ishlar olib borilmoqda.

Xususan, davlat organlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash jarayonidagi asosiy vazifalardan biri ham aynan korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, unga yo‘l qo‘ymaslik hamda bunday salbiy illatga qarshi samarali kurash olib borishdan iboratdir.

Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tizimga aloqador sohalarda O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarga muvofiq, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, qonunchilik, xizmat intizomi, odob-axloq qoidalari va ichki tartib qoidalarga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bugun, 12 - dekabr kuni vazirlik tizimidagi tashkilotlar, hududiy transport boshqarmalari vakillari ishtirokida "Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish" mavzusida videokonferensiya aloqa shaklida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi, Adliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Hisob palatasidan vakillar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Transport vaziri o‘rinbosari Akmal Mirzaev bugungi kunda mamlakatimiz transport tizimida korrupsiyaning oldini olish va unga chek qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda kelgusidagi vazifalar hususida so‘z yuritdi.

Seminar-treningda Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash” mavzusidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Respublika Transport prokuraturasi ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi prokurori Jo‘rabek Saidov jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat qaror toptirish o‘ta dolzarb masala ekanligini ta’kidlab, mamlakatimiz transport sohasida uchrab turgan korrupsiya holatlariga to‘xtalib o‘tdi. “Ushbu illatga qarshi kurashda doimo ogoh bo‘lib, har bir davlat xizmatchisi yoki har bir fuqaro o‘z ishiga vijdonan yondashsa, korrupsiyaning ayanchli oqibatlarini tushunsa, bu jinoyatni kamayishiga erish mumkin”,- dedi J. Saidov.

Tadbir davomida yig‘ilish ishtirokchilari va OAV vakillariga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bo‘yicha mas’ul xodimlar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.