Bugun Transport vazirligi delegatsiyasi ICAOning ICAN-2024 tadbirida ishtirok etish uchun Malayziyaning Kuala-Lumpur shahriga yetib keldi.
ICAN tadbiri xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti ICAO tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi. Mazkur tadbir ICAOga a’zo mamlakatlarning “Aviatsiya hukumatlari” tomonidan xalqaro aviatashuvlarni rivojlantirish, parvozlar hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazish hamda davlatlararo kelishuvga erishishni tashkillashtirishga ko‘maklashuvchi o‘ziga xos platforma hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF–158-son farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasining 53-maqsadiga muvofiq 2030-yilga qadar aviaqatnovlar sonini 4 barobarga oshirish belgilangan.
O‘zbekiston aviatsiyasi hukumati oldiga qo‘yilgan ushbu vazifani bajarish va strategiyada belgilangan maqsadga erishish uchun ICAN tadbiri juda ham muhim hisoblanadi. Bu safargi tadbirda aviaqatnovlar bo‘yicha kelishuvlarga erishish yuzasidan 100 ga yaqin mamlakatlar qatnashmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi davlat rahbarining topshirig‘ini bajarish maqsadida 16 ta mamlakat vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan. Ushbu davlatlar orasida yangi yo‘nalishda aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgan Kanada, Ispaniya, Gonkong, Iordaniya, Marokash, Tanzaniya kabi mamlakatlar bor.
Yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishini tashkil etish bo‘yicha imzolanishi kutilayotgan huquqiy hujjatlar ahamiyatini inobatga olgan holda bu safargi tadbirlarda Transport vazirligi delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama xalqaro shartnomalar bo‘limidan vakil biriktirilgan.
Eslatib o‘tamiz, tadbir 21–25 - oktabr kunlari davomida bo‘lib o‘tadi.