Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Latviya bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokkama etildi

Chop etish Sahifani ulashish
07.02.2022 4509 Yangiliklar

 

Bugun, 7 - fevral kuni transport masalalari bo‘yicha O‘zbekiston - Latviya ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov hamda Latviya Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Uldis Reymanis rahbarligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mamlakatlarimiz o‘rtasida transportning barcha turlari bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning muhim masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlar havo transporti sohasidagi hamkorlikning ijobiy dinamikasini yuqori baholashdi. Xususan, 2021 - yilda Toshkent – Riga – Toshkent yo‘nalishida muntazam qatnovlarning qayta tiklanganligini alohida e’tirof etib, ushbu yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston va Latviya aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv protokoli imzolandi. Unga muvofiq “Uzbekistan airways” va “AirBaltic” aviakompaniyalari o‘rtasida tijorat hamkorligi kengaytiriladi.

Bu esa ikki mamlakat aviakompaniyalariga qo‘shma sheriklik qatnovlari (kod-shering) orqali parvozlar geografiyasini kengaytirish imkonini beradi. “Uzbekistan Airways” AJ yo‘lovchilari “AirBaltic” aviakompaniyasi qatnovlar tarmog‘ining Tallin (Estoniya), Vilnyus (Litva), Stokgolm (Shvetsiya), Kopengagen (Daniya), Xelsinki (Finlyandiya) va Amsterdam (Niderlandiya) kabi yo‘nalishlarida parvoz qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Uchrashuv davomida avtomobil transporti sohasidagi qo‘shma harakatlar samaradorligi masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, 2022 - yilda O‘zbekiston tomonidan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvchilariga to‘lovlarning kamaytirilgani alohida e’tirof etildi.

Avtomobil transporida yuk tashuvlari hajmini ko‘paytirish hamda yuklarni yetkazib berish zanjiri uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha bildirilgan takliflarni Latviya tomoni qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Latviya transport vazirliklari o‘rtasida 2022 - yilga mo‘ljallangan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi” imzolandi.