Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev va Litva Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Ostona shahrida) Gintautas Vasyulis o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama etishdi.
Har ikki tomon vakillari mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va logistika yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha sharoitlar mavjudligini, imkoniyatlardan samarali foydalanish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Elchi Gintautas Vasyulis joriy yilning aprel oyida Litva transport va kommunikatsiya vazirining O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifi transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishini aytib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar bugun dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy jarayonlarda yuklarni yetkazib berish zanjiri uzluksizligini ta’minlash masalalari bilan bog‘liq jihatlarni muhokama etishdi.
Tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi.