Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Logistika sohasini rivojlantirish maqsadida Singapurning ilg‘or tajribasi o‘rganilmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
09.12.2022 2954 Yangiliklar

 

Shu kunlarda transport vaziri o‘rinbosari Abudusamat Mo‘minov boshchiligidagi ishchi guruh Singapurda bo‘lib turibdi. 8 - dekabr kuni ishchi guruh a’zolari transport va logistika sohasidagi dunyoning eng yirik kompaniyalaridan biri bo‘lgan “PSA International” dengiz porti operatori faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

 

Tashrif davomida vazirlik vakillariga Singapur dengiz portida hozirgi vaqtda qo‘llanilayotgan eng ilg‘or texnologiyalar, xususan, CITOS – terminallarni boshqarishning integratsiyalashgan kompyuter tizimi va PORTNET – inson omilisiz, portda yuklarni avtomatik ravishda tushirish va ortish raqamli tizimi batafsil tanishtirildi va ishlash jarayoni namoyish qilindi.

 

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov hamda “PSA International” kompaniyasi mintaqaviy ijrochi direktori Van Chi Fung o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

 

Muzokaralar natijasiga ko‘ra tomonlar Singapurning ilg‘or tajribasi asosida O‘zbekistonda logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va quruqlik portlarini qurish, rivojlantirish, shuningdek, raqamlashtirilgan yagona logistika va savdo platformasini ishlab chiqish hamda uni ishga tushirish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida Anglashuv Memorandumi loyihasini imzolashga va kelgusida yuqoridagi yo‘nalishlarda pilot loyihani ishga tushirishga kelishib oldilar.