O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov Polshaning "LOT Polish airlines" kompaniyasi tijorat ishlari bo‘yicha direktori Mixail Fiyol bilan uchrashdi.
Uchrashuvda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ikki davlat o‘rtasida havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, "LOT Polish airlines" kompaniyasining yuk va yo‘lovchilar tashish borasidagi tajribasini o‘rganish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida Transport vaziri I.Mahkamov O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tarmoq korxonalarida transformatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, “Uzbekistan airways” AJning qishgi parvozlar jadvaliga Varshava shahriga qatnovlarni amalga oshirish rejasi ishlab chiqilayotganligi va mazkur yo‘nalishda "LOT Polish airlines" kompaniyasi bilan yuk va yo‘lovchi tashuvlarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
O‘z navbatida M.Fiyol mazkur taklifni ijobiy qabul qilib, bugungi kunda "Uzbekistan airways" AJ va "LOT Polish airlines" kompaniyasi o‘rtasidagi Code Share va SPA kelishuvlariga muvofiq hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘nalishida amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida "LOT Polish airlines" kompaniyasi Parvozlarni boshqarish markazi faoliyati va bu yerda foydalnilayotgan dasturlar bilan yaqindan tanishildi.