Yurtimiz serhosil bog‘-rog‘lari, poliz mahsulotlari bilan dunyoga mashhur. O‘zbekistonda sharoitida yetishtirilgan meva-sabzavotlar bebaho xususiyatlari va foydali mikroelementlarga boyligi sabab xorij bozorida ularga bo‘lgan talab ortib boryapti.
Ayniqsa mamlakatimiz bog‘larida yetishtirilgan sara giloslar jahon bozorida xaridorgir. O‘ziga xos ta’m va ko‘rinishga ega mevalarimizga bo‘lgan talab bu yil yanada yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Joriy yilda respublika bo‘yicha barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan jami 183 ming tonna, shundan 82,2 ming tonna fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan gilos mahsulotlari etishtirish prognoz ko‘rsatkichlari belgilangan.
Ayni kunlarda bog‘lar va aholining tomorqasida gilos pishgan bo‘lib, xaridor eshik qoqib turibdi. Asosiy xaridorlar – Rossiya, Koreya va Dubayga bu sarxil mevalar eksport qilinyapti.
Xususan, joriy yilning 22 may kuni Gold Dried Fruits Export korxonasi 30 tonna yangi uzilgan gilos mahsulotini Koreya Respublikasiga eksportini amalga oshirdi. Ushbu korxona joriy yilda 500 tonna gilos yetkazib berish bo‘yicha Koreya Respublikasining NK GLOBALNET Co.LTD kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan.
Zamonaviy logistika markazida gilosni saralash, qayta ishlash, qadoqlash ishlari yakunlangach Toshkent xalqaro aeroportining kargo markaziga olib kelinadi. Bu yerda ish kechayu-kunduz davom etadi. Kargo markazi ishchi xodimlari eksportyor korxonalar tomonidan xorijga jo‘natish uchun tayyorlangan yuklarni belgilangan manzilga jo‘natish uchun yakuniy jarayonlarni amalga oshirishadi.
Jahon bozorlarida raqobat keskinlashib borayotgan hozirgi sharoitda mahsulotlar eksporti hajmini oshirish orqali, yangi bozorlarga kirib borish va an’anaviy bozorlarda esa o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashni yanada kengaytirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda. Karantin davrida tadbirkorlar va eksportyorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy ko‘mak berish maqsadida Respublikamizning barcha viloyatlarida eksportga ko‘maklashish shtablari tashkil etilgan bo‘lib. Barcha muammolar joyida hal etilib, xaridorlarga sifatli mahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
Hurmatli Tadbirkorlar va TIF ishtirokchilari havo, avtomobil va temir yo‘l transportida eksport mahsulotlarini tashish bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Shtabining 238-52-52, Transport vazirligining 11-67 va Davlat bojxona qo‘mitasining 11-08 qisqa raqamli ishonch telefonlariga murojaat etishingiz mumkin.