Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Malayziya kompaniyasi Urganchda uchuvchilar tayyorlash markazi va logistika xabini ochish istagida

Chop etish Sahifani ulashish
09.03.2020 8531 Yangiliklar

Transport vazirligida Malayziyaning «Midlands Aviation Pacific Asia» kompaniyasi ijrochi direktori Radj Daryradj boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Elyor G‘anyiev mamlakatimizda yangi investitsion loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirayotgan xorijiy kompaniya vakillariga fuqaro aviatsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, parvozlar geografiyasini kengaytirish, xorijiy aviakompaniyalarni yurtimiz aeroportlariga ko‘proq jalb etish maqsadida «Qarshi», «Nukus» va «Termez» xalqaro aeroportlarida «beshinchi havo erkinligi» tartibini qo‘llagan holda, shuningdek «Buxoro» aeroportida chet davlatlar fuqarolarini tashishda “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgani, shuningdek, “Navoiy” va “Termiz” aeroportlarida esa yuk tashuvlari uchun “yettinchi havo erkinligi” tartibini qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

«Midlands Aviation Pacific Asia» kompaniyasi ijrochi direktori Radj Daryradj janoblari Urganch shahrida «Phils» kompaniyasi bilan hamkorlikda uchuvchilar tayyorlash markazi hamda xorijiy davlatlarga O‘zbekistondan yuklarni tashishga ixtisoslashgan zamonaviy logistika xabini ochish istagida ekanligini va bu boradagi o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur loyihalarni hayotga tadbiq etish borasida maxsus ishchi guruhi tuzgan holda hamkorlikda ishlashga kelishib oldi.