Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Riga shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo va Latviya o‘rtasida yangi savdo imkoniyatlari” mavzusidagi biznes forumda ishtirok etdi.
USAIDning Markaziy Osiyoda Savdo dasturi hamda TRASEKA hukumatlararo komissiyasi tomonidan tashkil etilgan forumda Boltiqbo‘yi mintaqasining sanoat va transport sohasi vakillari ishtirok etdi.
Forum davomida Latviya va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari o‘rtasida transport bo‘yicha ishchi guruhi hamraislarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Boltiqbo‘yi davlatlari o‘rtasida yuk tashuvlarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuvda Yevropa va Osiyo o‘rtasida xalqaro savdoni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish va farovonlikni ta’minlashda transport va logistikaning muhim roli alohida ta’kidlab o‘tildi. Shu munosabat bilan tomonlar Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida intermodal va multimodal transchegaraviy va tranzit transport xizmatlari koʻrsatishni rivojlantirish, shuningdek, Boltiq dengizi multimodal koridori orqali Yevropa Ittifoqidan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yetkazib berish zanjiri salohiyatini mustahkamlash va kengaytirishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida transport va logistika sohasida hamkorlik masalalari bo‘yicha qo‘shma kommyunike imzolandi.
Shuningdek, Transport vaziri oʻrinbosari J.Choriyev Latviya Respublikasi Transport vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari Uldis Reymanis bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi. Tomonlar logistika, avtomobil transporti va aviatsiya sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.