Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

MDH mamlakatlari va Hind okeani portlarining Janubiy Osiyo orqali transport logistikasi sohasida hamkorligi bo‘yicha yangi marralar

Chop etish Sahifani ulashish
22.04.2024 2105 Yangiliklar

2024-yil 23-aprel kuni Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida transport idoralari rahbarlari, ekspeditorlik kompaniyalari va biznes vakillari ishtirokida Hind okeani portlariga chiqish uchun "Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston" multimodal transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

 

Transport sohasi tashkilotlari va biznes delegatsiyalari vakillarining Termiz shahrida o‘tkaziladigan uchrashuvi o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘lamini oshirish, quruqlik yo‘laklari bo‘ylab xalqaro yuk tashishlar hajmini ko‘paytirish, shuningdek, MDH, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining Yevroosiyo global transport-logistika tizimidagi rolini oshirish uchun potensial imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish nuqtai nazaridan samarali bo‘lishi kutilmoqda.

 

Tadbir turli transport kompaniyalari va biznes tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun zamin yaratadi, bu esa o‘z navbatida transport yo‘laklarini optimallashtirish va logistika jarayonlarini takomillashtirish imkonini beradi.

 

B2B, G2B formatidagi uchrashuvlarning o‘tkazilishi transport jarayonlarida tadbirkorlarga mintaqaviy yuk tashishlarni tashkil etish imkoniyatlarini to‘liq ochib berishda to‘sqinlik qilayotgan muammo va kamchiliklarni amaliy nuqtai nazardan aniqlashga yordam beradi.

 

Uchrashuv ishtirokchi mamlakatlarning biznes vakillari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va mamlakatlar o‘rtasida yuk tashishlarni tashkil etishda sheriklar doirasini kengaytirish imkonini beradi.

 

Transport idoralari, o‘z navbatida, ishbilarmon doira vakillari uchun o‘ziga xos bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘la turib, tadbirkorlar o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishida ularga ko‘maklashadigan asosiy boshqaruv organiga aylanadi.

 

Ishtirokchilarning rasmiy ish jarayoni Termiz xalqaro savdo markaziga tashrifdan boshlanadi, u yerda delegatsiyalar vakillari yangi markazning mavjud infratuzilmasi bilan tanishadi va hozirda O‘zbekistondan/ga yuk tashishlarni ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotga ega bo‘ladi.

 

Bir qator uchrashuvlar davomida 2023-yil 1-noyabrda Toshkent shahrida Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan Hind okeani portlariga chiqish uchun "Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston" xalqaro transport yo‘lagini yaratish va rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum qoidalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha ko‘p tomonlama guruhning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.

 

Ta’kidlash joizki, ushbu xalqaro multimodal transport yo‘lagi MDH davlatlarini Hind okeani havzasi mamlakatlari bilan Janubiy Osiyo orqali bog‘lashda strategik muhim bo‘g‘in hisoblanadi.

 

Tadbirlar dasturida ishtirokchilarni O‘zbekiston orqali tranzit yuklarini tashishda katta ahamiyat kasb etuvchi “Termez Cargo Centre” faoliyati bilan tanishtirish ko‘zda tutilgan.

 

Tadbir yakunida, delegatsiyalar va ishbilarmon doira vakillari temir yo‘l va avtomobil transporti hamda fuqarolarning o‘tishi uchun bir vaqtning o‘zida xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan "Ayritom" xalqaro chegara bojxona postiga tashrif buyuradi.

 

Umuman olganda, 23-aprel kuni Termiz shahrida o‘tkazilishi belgilangan uchrashuv mintaqalarda iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va transport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin.

 

 

Xolmatov B.N.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori