Joriy yilning 18 - noyabr kuni Rossiya poytaxti Moskva shahrida “Transport haftaligi –2020” tadbiri o‘zi ish faoliyatini boshladi.
Transport sohasining eng dolzarb masalalarini ochiq muhokama qilish va ishbilarmon doiralar vakillari bilan o‘zaro fikr almashishga qaratilgan ushbu tadbir doirasida MDHning transport bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashining 40 – yubiley yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferens aloqa shaklida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda MDHga a’zo davlatlarning transport vazirlari va transport boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, shu jumladan 2030 - yilgacha bo‘lgan davrda MDHga a’zo davlatlar transport sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari loyihalari muhokama qilindi.
“ – O‘zbekiston ishonchli transport tarmog‘ini, jumladan, mamlakat va mintaqaning boshqa davlatlari tashqi savdo yuklarini dunyoning yirik bozorlariga yetkazib berish maqsadida tranzit koridorlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Mamlakatimizning transport bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash bilan kelgusidagi hamkorligi MDHga a’zo barcha mamlakatlar transport sohasi rivojiga ijobiy ta’sir etishiga ishonam”,– dedi Transport vaziri v.b. I.Maxkamov.
Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish bo‘yicha bildirgan tashabbusi va uning ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.