Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Milliy tashuvchilar uchun dolzarb ma’lumot

Chop etish Sahifani ulashish
05.12.2024 936 Yangiliklar

Joriy yilning 3-dekabr kuni Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi Qozog‘iston Respublikasi bojxona idoralari bilan videoaloqa orqali uchrashuv o‘tkazdi.

 

Uchrashuvda o‘zbek milliy tashuvchilarining Qozog‘iston Respublikasiga kirish va chiqish punktlarida duch kelayotgan muammolar muhokama qilindi. Uchrashuv yakuni bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilindi:

 

Navbatlarni onlayn bron qilish

 

Qozog‘iston tomoni yuk tashuvchilarga https://cgr.qoldau.kz/ru/start saytida mustaqil ro‘yxatdan o‘tishni tavsiya etadi. Bu saytda nazorat-o‘tkazish punktlaridagi navbatni onlayn bron qilish imkoniyati mavjud.

 

O‘zbekiston fuqarolari ro‘yxatdan o‘tish sahifasida Qozog‘iston rezidenti emasligini bildiradigan tugmani belgilashi kerak. Shuningdek, INN (STIR) kiritish oynasini to‘ldirish shart emas. Bunda ushbu sahifasini “далее” tugmasini bosib o‘tkazib yuborish kifoya. Tekshirish kodi WhatsApp ijtimoiy tarmog‘idagi telefon raqamiga yuboriladi.

 

Ro‘yxatdan o‘tish va shaxsiy kabinetni ochishda yuk tashuvchiga raqamli garajni shakllantirish imkoniyatini beriladi. Bu garajda tashuvchiga tegishli barcha avtotransport vositalarining ma’lumotlari va raqamlari saqlanadi. Bunda, avtotransport vositasi faqat bitta shaxsning raqamli garajiga tegishli bo‘lishi mumkin.

 

Eslatma: Agar sizning avtotransport vositangiz uchinchi shaxs (o‘rtakash) garajida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, keyinchalik bu transport vositasini o‘z garajingizga qo‘sha olmaysiz, shuningdek, navbat bronini ham ololmaysiz. Ushbu holatda ilgari navbatga qo‘yish xizmatlarini ko‘rsatgan shaxslarda avtotransport vositalaringiz uning garajlariga qo‘shilib qoladi. Natijada, avtomobil egalari ushbu avtotransport vositalarini o‘zining "raqamli garaji"ga qayta kirita olmaydi.

 

Bu muammoni hal qilish uchun quyidagi hujjatlarni elektron navbat tizimi administratorining cargoruqsat@gmail.com elektron pochta manziliga yuborishingiz so‘raladi:

 

▪️ avtomobilning texnik pasporti nusxasi;

▪️ avtomobil egasining pasporti nusxasi (yuridik shaxs bo‘lsa, kompaniyaning ta’sis hujjatlari).

 

Bundan tashqari, qo‘shimcha qulaylik uchun shaxsiy kabinetda boshqaruv va navbatni bron qilish uchun ma’lum muddatga ishonchnoma berilgan vakillarni qo‘shish imkoniyati mavjud.

 

Hozirgi vaqtda Carqo Ruqsat saytida hamyonni istalgan bankning O‘zbekiston Visa\Mastercard kartalaridan onlayn to‘ldirish imkoniyati mavjud. Ayni paytda bron qilish summasi Qozog‘istonning 1 BHM miqdorida - 3692 tenge (taxminan 90 000 so‘m) ni tashkil etadi.

 

Savollarni tezda hal qilish va qo‘shimcha ma’lumotlarni olish uchun mutaxassislar va ma’murlar mavjud bo‘lgan https://t.me/cargoruqsat telegram guruhiga murojaat qilish mumkin.

 

Tranzit deklaratsiyasi

 

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston fuqarolari uchun "Keden" tizimi orqali elektron tranzit deklaratsiyasini mustaqil ravishda taqdim etish imkoniyati faqat Qozog‘iston hududida ro‘yxatdan o‘tgan vakolatxona mavjud bo‘lganda va https://keden.kz/ saytida tasdiqlangan ERI bilan amalga oshirilishi mumkin.

 

Agar Qozog‘iston hududida ro‘yxatdan o‘tgan vakolatxona bo‘lmasa, jahon amaliyotiga ko‘ra elektron tranzit deklaratsiyasi brokerlar yordamida amalga oshiriladi.

 

Bugungi kunga deklaratsiyani rasmiylashtirish narxi 43 000 tenge etib belgilangan. Oxirgi narxni oshirilganligi brokerlik korxonalarining qarori hisoblanadi va ularning narx siyosati Qozog‘iston bojxona organlari tomonidan tartibga solinmaydi.

 

Shu bilan birga, 43 000 tenge narxiga Qozog‘iston Respublikasining 6 BHM miqdorida, ya’ni 22 152 tenge majburiy davlat boji kiradi. 6 BHMdan yuqori bo‘lgan barcha to‘lovlar brokerlik xizmatlari uchun belgilangan stavka hisoblanadi.

 

Tranzit deklaratsiyasini yopish

 

Tranzit deklaratsiyasini yopishning joriy holatini aniqlash uchun deklaratsiyaning holati va uni yopmaslikning ehtimoliy sabablari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bojxona brokerlariga murojaat qilishingiz mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi iltimosiga asosan Qozog‘iston tomonidan tranzit deklaratsiyasining holatini uning raqami bo‘yicha tekshirish imkonini beradigan yangi onlayn xizmat ishlab chiqishga kelishildi. Bu xizmat rasmiy veb-saytda (https://keden.kz/) joriy etiladi va ommaviy hamda oson monitoring uchun qulay vosita taqdim etadi.

 

Xizmatning yaqin kelajakda ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu tekshiruv jarayonini sezilarli darajada soddalashtiradi va tranzit deklaratsiyalari bilan ishlashning shaffofligini oshiradi, foydalanuvchilarga dolzarb ma’lumotlarni tezkor olish imkoniyatini beradi.

 

Hozirgi vaqtda veb-saytdagi yangiliklarni kuzatib borish va yopilmagan deklaratsiyalar bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun bojxona brokerlarining ko‘magidan foydalanish tavsiya etiladi.