Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Navoiy shahri jamoat transporti tizimi va infratuzilmasini takomillashtirish bosh rejasi ishlab chiqilmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
15.03.2023 3079 Yangiliklar

 

Navoiy viloyati transport boshqarmasida “Navoiy shahrida jamoat transporti faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish hamda takomillashtirish” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

 

Transport vazirligi mutasaddilari, Toshkent davlat transport universiteti professor o‘qituvchilari, viloyat IIB YHXB rahbariyati va OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda aholi sonining yil sayin ko‘payishi natijasida jamoat transportiga bo‘lgan talab va ehtiyoj ham oshib borayotgani ta’kidlandi.  

 

Shuning uchun aholiga avtotransport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan yangilash borasida  keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.  

 

Prezidentimizning 2023 - yil 16 - fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Qarorga asosan, aholining yuqori sifatli va qulay yo‘lovchi tashish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish, sohada bozor tamoyillarini joriy etish, xususan moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish orqali xususiy sektor uchun jozibali biznes muhitini yaratish maqsad qilingan.

 

– Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda jamoat transportidan samarali foydalanish bilan bog‘liq bir qator muammolar o‘z yechimini kutmoqda, – deydi Transport vazirligining hududlarda jamoat transportini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Aziz Xo‘janov. – Prezidentimizning joriy yilning 31- yanvar kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida jamoat transportining yangi tizimini joriy etish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida jamoat transportini tubdan isloh etish, mamlakatimizning tuman va shaharlarida jamoat transportini rivojlantirish, hududlarning unga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, transport infratuzilmasini tashkil etish, transport-logistika masalalariga ilmiy jihatdan yondashish kabi vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Toshkent davlat transport universiteti mutaxassislari hamkorligida jamoat transportining bugungi holati, xalqaro tajriba, sohadagi mavjud muammolar, ularning yechimi bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.  

 

Mazkur qarorga ko‘ra, muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan. Bunda avtobusda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashuvchilar bilan hisob-kitoblar “bosib o‘tilgan yo‘l” va “sifat” mezonlari asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi. Yo‘lkira haqi tushumlari vakolatli davlat organi tasarrufiga o‘tkazilgan holda tashuvchilar uchun yo‘lkira haqini kunlik yig‘ish reja-topshirig‘ini belgilash amaliyoti bekor qilinib, har bir avtobus yo‘nalishi bo‘yicha tashuvchilar elektron tender natijalari bo‘yicha aniqlanadi. Tender savdolariga chiqariladigan yo‘nalish qiymatining boshlang‘ich narxi har bir avtobus yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi tashish bilan bog‘liq xarajatlar hamda rentabellikning 10 foiz miqdori inobatga olingan holda, har bir kilometr bosib o‘tiladigan masofa uchun shakllantiriladi.  

 

Matbuot anjumanida Toshkent davlat transport universiteti o‘qituvchisi Umidilla Abdurazzoqov Navoiy shahrida transport tizimini takomillashtirish, transport bosh rejasini ishlab chiqish bosqichlari, transport oqimi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.  

 

– Navoiy shahrida transport tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhandislik tadqiqot ishlari olib borildi, – deydi U.Abdurazzoqov. – Transport tizimining joriy holati, ijtimoiy va demografik ma’lumotlari joyiga chiqqan holda shakllantirildi. Jamoat transporti harakatini aniqlash va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini baholash maqsadida aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazilib, yo‘llardagi transport oqimi, jamoat transporti va bekatlarda yo‘lovchi oqimini o‘lchash ishlari olib borildi. Hududlarda o‘lchov ishlari va so‘rovnomalarda zamonaviy videokuzatuv moslamalari, navigatsiya dasturlari, internet hamda ijtimoiy ilovalardan foydalanildi. O‘rganish ishlari 11 ta yo‘nalishda olib borilib, har bir yo‘nalish ikki kun davomida o‘rganildi. Shuningdek, yo‘nalishlardagi transport tezligi, yo‘l harakatini tashkil etish vositalariga ham alohaida e’tibor qaratilgan.  

 

Matbuot anjumanida OAV vakillari tomonidan jamoat transportlarining bugungi kundagi ahvoli, yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport vositalarining yo‘lovchi tashishdagi tartibsiz harakati, avtoshohbekatlardagi holatlar, narx-navoning belgilanishi, yo‘nalishlar qamrab olinmagan hududlarda aholi uchun yaratilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil  javob berildi.  

 

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Navoiy shahrida avtobus yo‘nalishlarining yangi tarmog‘ini joriy etish, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatining bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi 2024 - yil 1 - iyunigacha yakunlanadi. 2024 - yil 1 - iyundan boshlab esa muntazam shahar avtobus yo‘nalishida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnomasi asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.  

 

Abduvali Bo‘riyev,  

Siroj Aslonov (surat), O‘zA