Bugun, 2023-yil 10-iyun kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani Nazarbek shaharchasidagi avtomobil yo‘li bilan temir yo‘l kesishmasida barpo etilgan transport yechimi foydalanish uchun topshirildi.
Taʼkidlash joizki, Toshkent viloyati Zangiota tumani, Nazarbek hududini Toshkent shahri bilan bog‘laydigan yagona avtomobil yo‘lining temir yo‘l bilan kesishmasida avtotransport vositalari kun davomida muntazam tirbandliklarda turib qolib, odamlar ishga, o‘qishga, ayniqsa qutqaruv xizmati va tez tibbiy yordam xizmatlarining kechikishlariga sabab bo‘lardi.
Hukumatimizning tegishli farmoyishi (Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-aprel 198-F-sonli) asosida Toshkent shahridan “Turkiston” shirkat xo‘jaligi orqali Qozog‘iston Respublikasi chegarasigacha olib boradigan avtomobil yo‘lining temir yo‘l bilan kesishmasida:
- uzunligi 398 metr, kengligi 22 metr hamda ko‘prik osti balandligi 7 metr bo‘lgan tonnel tipidagi yo‘l o‘tkazgich;
- ushbu tonnel ustidan o‘tuvchi uzunligi 32,5 metr, kengligi 18,5 metr bo‘lgan 3 izli temir yo‘l yo‘l o‘tkazgichi;
- 28 metr uzunlikdagi va 12,5 metr kenglikdagi avtomobil yo‘l o‘tkazgichidan iborat bo‘lgan transport yechimini qurish loyihasi tasdiqlanib, 2021-yilning dekabr oyida temir yo‘l ustidan yo‘l o‘tkazgichni qurish ishlarining qurilish-montaj ishlari boshlangan.
Mazkur loyiha ancha murakkab yechimga ega. Qurilish davomida loyihaga asosan avtomobil yo‘l o‘tkazgichi va temir yo‘l o‘tkazgichida har birida 3 tadan ustunlar o‘rnatilib, jami 42 ta temir-beton oraliq qurilmalar (balka) va tonnel tipidagi yo‘l o‘tkazgichda 521 ta tirgak devorlar montaj qilindi. Obyektda 90 ta yoritish ustunlari hamda 648 metr himoya to‘siqlari o‘rnatildi.
Bundan tashqari, yer osti, ya’ni avtomobillar harakatlanadigan qismida noqulay ob-havo sharoitida, xususan, me’yoridan ortiq yomg‘irli kunlarda suv to‘planib, transport vositalari harakatlanishini qiyinlashtiradigan holatlar sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida suvni chiqarib tashlovchi nasos stansiyasi qurildi.
Obyekt qurilishida ikki smenada 180 nafardan ziyod ishchi mutaxassislar va 40 dan ortiq maxsus qurilish texnikalari jalb qilingan. Mazkur inshoot foydalanishga topshirilgach, bu yerdagi 4 tasmali avtomobil yo‘lidan sutkasiga o‘rtacha 10 minggacha bo‘lgan avtotransport vositalarini uzluksiz o‘tkazish imkoni mavjud bo‘ladi.
Bu esa mahalliy aholi va ushbu yo‘ldan o‘tib qaytayotgan boshqa haydovchilarning qimmatli vaqtlari tejalishiga, avtomobillar tirbandligi hosil bo‘lmasligi natijasida atrof-muhit ekologiyasining musaffoligini taʼminlashga yana-da katta hissa qo‘shadi.