O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga muvofiq shu kunlarda mamlakatimizda 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kunini keng nishonlash maqsadida respublikamizda joriy yilning 30-noyabridan 30-dekabriga qadar mehr-muruvat oyligi o‘tkazilmoqda.
Har yili 3-dekabr sanasida nogironligi bo‘lgan shaxslar kunining nishonlanishidan asosiy maqsad – siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha jabhalarida bunday insonlarning huquqlarini targ‘ib qilishdan iboratdir. Ushbu bayramga 1992-yilda asos solingan bo‘lib, o‘shandan buyon asosiy e’tibor omma tomonidan nogironlarning muammolari tushunilishiga ko‘maklashish hamda bunday insonlarning sha’ni hamda huquqlari qadrlanishi va ularning farovon hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlarni ta’minlab berishga qaratib kelinadi.
Mazkur sana har yili yurtimizda keng ko‘lamda nishonlanib, bu boradagi ezgu ishlarni yana bir bor saralanadi. Ayniqsa, shu kuni hasta va bemorlar, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz kishilar kabi mehrga muhtojlar holidan xabar olinadi.
Ushbu sana munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Toshkent viloyati transport boshqarmasi xodimlari hamda Toshkent viloyati Nurafshon shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri va maktab rahbarlari boshchiligida uy sharoitida ta’lim oluvchi 18 nafar o‘quvchilar holidan xabar olindi. Ularga esdalik sovg‘alari ulashildi.
O'zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati