Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

“O’zbekiston temir yo’llari” AJning 30 yilligi munosabati bilan transport vazirining bayram tabrigi

Chop etish Sahifani ulashish
07.11.2024 445 Yangiliklar

Qadrli hamkasblar! Hurmatli temiryo‘lchilar!

 

Avvalo, Sizlarni — «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan chin dildan muborakbod etaman.

 

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz iqtisodiy va siyosiy farovonligini, shahar va viloyatlarimiz taraqqiyotini, qolaversa, xalqimiz turmush darajasi yuksalishini, hech shubha yo‘qki, temir yo‘llari faoliyatisiz, bu soha xodimlarining zalvorli mehnatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘tgan yillar davomida temir yo‘llarimiz haqiqatdan ham mamlakatimiz iqtisodiyotini olg‘a yetaklovchi lokomotivga aylandi.

 

O‘zbekiston temir yo‘llari o‘zining 30 yillik tarixi davomida murakkab shakllanish va jadal rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi va bugungi kunda yurtimizning barcha mintaqalarini ishonchli bog‘lash uchun bamisoli qon tomirlari kabi hayotiy zarur bo‘lgan temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarining mustaqil, yagona va yaxlit tizimi sifatida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

 

Ko‘p millatli temiryo‘lchilar jamoasining fidokorona mehnati natijasida o‘tgan 30 yil davomida mamlakatimizda 3000 kilometrga yaqin temir yo‘l yangitdan qurilib, qayta tiklandi, yana 3000 kilometrdan ortiq qismi esa elektrlashtirildi. Bugun mamlakatimiz temir yo‘llarining umumiy uzunligi 7 yarim ming kilometrdan oshdi.

 

Natijada O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib o‘rin egallamoqda. Shu bilan birga, yurtimiz bo‘ylab tashilayotgan yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning esa 75 foizdan ko‘pi aynan temir yo‘l transporti orqali o‘z manzillariga xavfsiz yetkazilmoqda.

 

Erishilayotgan yutuqlar korxona tarkibida mehnat qilayotgan 70 ming nafar xodimning birdamligi, fidoyiligi, mashaqqatli mehnati samarasidir. Bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamon matonatli temir yo‘lchilarimiz zimmasiga xalqimiz farovonligini yanada oshirish jabhasida nihoyatda ulkan vazifalarni yuklamoqda. Bu, o‘z navbatida, jamoamizni yangi marralarlar sari ilhomlantiradi.

 

Muhtaram temiryo‘lchilar!

 

Ishonchim komil, boy bilimingiz va ko‘p yillik tajribangiz, professional salohiyatingiz, zamon bilan hamnafasligingiz, fidokorona hamda halol mehnatingiz bilan mamlakatimizda iqtisodiyotning muhim tarmog‘i sifatida transport kommunikatsiyalarini jadal rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishda davom etasiz.

 

Siz, azizlarni bugungi qutlug‘ sana bilan yana bir bor tabriklab, oilangizga tinchlik, sihat-salomatlik, baxt va omad, ezgu ishlaringizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini, yo‘llaringiz doimo bexatar bo‘lishini tilayman.

 

 

Ilhom Maxkamov,

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri