Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston temir yo‘llari yoshlari 30 iyun – “Yoshlar kuni”ni katta tantana bilan nishonlashdi

Chop etish Sahifani ulashish
30.06.2021 5878 Yangiliklar

 

2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida yoshlar faoliyatiga yanada katta ahamiyat qaratilmoqda, ularning intellektual bilimli, yuksak tafakkurli bo‘lib ulg‘ayishlari uchun har tomonlama zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston temir yo‘llari tizimida ham iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama sharoitlar yaratib berish orqali intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish, o‘z yo‘nalishlarida yangi ixtirolarni kashf etishlariga zamin yaratishga e’tibor ortdi. Xususan, yoshlar ishtirokida turli ko‘rik-tanlovlar, musobaqa va tadbirlarda o‘z qobiliyatini namoyon etgan temiryo‘lchilar Jamiyat rahbariyati tomonidan munosib rag‘batlantirilmoqda.

30 iyun – mamlakatimizda “Yoshlar kuni” munosabati bilan respublikamizning barcha temir yo‘l tizimidagi korxonalarda, mintaqaviy temir yo‘l uzellarida “Yoshlar kuni”ga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday tadbirlarning asosiysi 29 iyun kuni “Anhor-Lokomotiv” bog‘ida karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda “Temiryo‘lchi yoshlar forumi” bo‘lib o‘tdi.

Unda Transport vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari, tegishli korxona, tashkilot, boshqarma xodimlari hamda tizimda faoliyat yuritayotgan faol temiryo‘lchi yoshlar, davlat va keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

– Hurmatli temiryo‘lchi yoshlar! Sizlarni “Yoshlar kuni” munosabati bilan Transport vazirligi rahbariyati nomidan tabriklashga ijozat bergaysiz, – dedi tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari A.Mirzayev. Transport sohasida olib borilayotgan islohotlarda bugungi yoshlarimizning, ayniqsa, sizlarning o‘rningiz juda katta, deb aytishim mumkin. Sababi bugungi kunda transport sohasining o‘zida 50 mingdan ortiq yoshlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu transport sohasining kelajagi yorqinligini, imkoniyatlari yuqoriligini ko‘rsatadi. Siz temiryo‘lchi yoshlarni nafaqat transport sohasida barchaga o‘rnak, balki mamlakatimizdagi yoshlar orasida lokomotiv bo‘lishingizni tilab qolaman. Faoliyatingiz davomida sog‘liq, salomatlik va kuch-g‘ayrat aslo tark etmasin.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi U.Tursunkulov “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining “Yoshlar kuni” munosabati bilan temiryo‘lchi yoshlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi barcha korxona, tashkilot va muassasalarda 35000 dan ortiq yoshlarni o‘z atrofiga birlashtirgan 370 nafar Yoshlar yetakchilari faoliyat yuritmoqda.

Ayni kungacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida  2021 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi to‘liq bajarib kelinmoqda. Ana shunday vazifalardan biri tizimdagi yoshlarni birlashtirish va faolligini oshirish hamda “Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan “Temiryo‘lchi yoshlar forumi” doirasida joylarda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini rivojlantirish uchun “Megatalant” shou-tanlovi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, o‘zaro do‘stona muhitni rivojlantirish uchun “Quvnoqlar va zukkolar” hamda poyezdlar harakati bilan bog‘liq mutaxassisliklar o‘rtasida “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovlari tashkil etildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida samarali faoliyat yuritayotgan istiqbolli yosh kadrlarni tanlash hamda yetuk rahbarlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida poyezdlar harakati bilan bog‘liq mutaxassisliklar o‘rtasida “Eng faol yosh mutaxassis” tanlovi bo‘lib o‘tdi. 35 yoshgacha bo‘lgan temiryo‘lchilar orasida o‘tkazilgan 7ta sohani qamrab olgan ushbu tadbir – tashishlarni tashkil etish, yuk tashish, yo‘l xo‘jaligi, lokomotivlardan foydalanish, vagon xo‘jaligi, aloqa va signallashtirish, elektr ta’minoti sohalari bo‘yicha o‘tkazilib, Yoshlar forumida 1-2-3-o‘rin sohiblari Jamiyat rahbariyatining "Faxriy yorliq", va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ahamiyatlisi, tanlovning joylarda bo‘lib o‘tgan saralash bosqichi g‘oliblarining barchasi rahbar kadrlar zaxirasiga olindi.

“Yoshlar kuni” munosabati bilan O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan ijtimoiy faol hamda “Temiryo‘lchi yoshlar daftari”ga kiritilgan, oilasida nogironligi bo‘lgan a’zolari bor 10 nafar Yoshlar yetakchisi rag‘batlantirildi.

Yetakchilar Kengashining ijtimoiy tarmoqdagi "Temiryo’lchi Yoshlar" rasmiy telegram kanalida “Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan “Men temiryo‘lchiman!” onlayn foto suratlar tanlovida 1-2-3-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbir doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida 2021 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlashda o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan  bir guruh yoshlar yetakchilar Kengashi raislari ham tashakkurnoma bilan rag‘batlantirildi.
 
Forumda joylarda o‘tkazilgan “Megatalant” shou-tanlovi g‘oliblarining dasturlari, iqtidorli temiryo‘lchi yoshlar jamoalari tomonidan QVZ tanlovida  chiqishlari hamda bayram konserti  namoyish etildi. “Megatalant”, “QVZ” tanlovining yakuniy Respublika bosqichi g‘oliblari ham temir yo‘l tizimi rahbariyatining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.