Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni havo qatnovi to‘g‘risidagi yangi hukumatlararo Bitimni imzoladi

Chop etish Sahifani ulashish
23.10.2024 1049 Yangiliklar

“O‘zaviatsiya” agentligi direktori Tohir Nazarov boshchiligidagi Transport vazirligi delegatsiyasi Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tayotgan ICAOning havo qatnovi bo‘yicha muzokaralarga bag‘ishlangan ICAN 2024 tadbirida ishtirok etmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, tadbirda 100 ga yaqin mamlakatlar o‘rtasida pandemiyadan so‘ng aviaqatnovlarni qayta tiklash hamda parvozlar geografiyasini oshirish, aviatsiya sohasini mamlakat iqtisodiyotining drayveriga aylantirish maqsadida muzokaralar olib borilmoqda. Dengizga chiqish imkoniyati cheklangan hamda uzoq masofalarga yo‘lovchi tashish bo‘yicha aviatsiya sohasi yagona transport turi sifatida qaraladigan O‘zbekiston uchun bu ulkan imkoniyat.

 

O‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlar hajmi hamda imzolanishi kutilayotgan davlatlaro hujjatlar ahamiyatini inobatga olgan holda delegatsiya tarkibiga Tashqi ishlar vazirligidan Shartnoma-huquq boshqarmasi ikki tomonlama shartnomalar bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Abdraimov biriktirilgan.

 

Bugungi tadbirda Saudiya Arabistoni hamda O‘zbekiston aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida aviaqatnovlar to‘g‘risidagi yangi bitim imzolandi. Saudiya tomonidan mazkur hujjatni Saudiya Arabistoni fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati prezidenti Abdulaziz Al-Dualej, O‘zbekiston tomonidan “O‘zaviatsiya” agentligi direktori Tohir Nazarov imzoladi.

 

Shu kunga qadar ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlar qisman muntazam  va asosan charter asosida amalga oshirib kelingan. Mazkur yangi bitim ikki davlat o‘rtasida haftalik muntazam aviaqatnovlarni 50 tagacha oshirish, umra ziyorati bo‘yicha yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, aviaqatnovlarda yangi tartibni joriy etish, aviakompaniyalarning yo‘lovchilar oldida mas’uliyatini oshirish, shuningdek, har ikki mamlakat aviakompaniyalarini charter parvozlarini amalga oshirishda to‘lanishi talab etiladigan royalti bojlaridan ozod etish kabi yangi tartiblarni o‘z ichiga oladi.

 

Mazkur bitim so‘nggi ikki yil davomida ikki mamlakat Transport vazirliklari hamda Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni hamda transport logistikasini, shuningdek, O‘zbekistonda keng yo‘lga qo‘yilayotgan “Ziyorat-turizmini” yanada rivojlantirish uchun xizmat qiladi.